Yevropa Chempionlar ligasining oxirgi kunidagi eng intrigali uchrashuv Kiyevda bo‘lib o‘tdi.

F guruhi
Shaxtyor (Ukraina) – Lion (Fransiya) 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 22 Morayes, 1:1 – 65 Fekir.
Shaxtyor – Pyatov, Matviyenko, Krivtsov, Xocholava (Butko, 46), Ismaili, Maykon, Stepanenko, Marlos (Bolbat, 87), Kovalenko (Kayode, 83), Tayson, Morayes.
Lion – Antoni Lopesh, Denayyer, Marselo, Marsal, Tete, Tuzar, Auar, Mendi, Fekir (Dyubua, 89), Traore (Ndombele, 72), Depay (Dembele, 80).
Ogohlantirishlar: Marsal (8), Fekir (68), Bolbat (87).

Bungacha pley-off uchun 16 yo‘llanmaning 15tasining egasi aniq bo‘lgan, oxirgi chipta uchun «Shaxtyor» va «Lion» o‘rtasida bahs kechishi kerak edi. 

«Konchilar» 5 turdan keyin «to‘quvchilar»dan 2 ochko ortda edi va ularni bu o‘yinda faqat g‘alaba qanoatlantirardi. Frantsuzlarda esa birinchi o‘ringa ham imkoniyat saqlanib qolgan, buning uchun ular o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonib, «Manchester Siti» «Hoffenhaym»dan mag‘lub bo‘lishiga umid qilishi kerak edi. Bu holatda inglizlar ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanib, nemislar jamoasi uchinchi o‘ringa chiqib, Yevropa Ligasiga yo‘l olardi.

Fransiyadagi birinchi o‘yinda Paulo Fonseka va Bryuno Jyenezio qo‘li ostidagi jamoalar bo‘sh tribunalar bilan o‘yin o‘tkazishgan - fransuzlar jamoasi tartibsiz muxlislar tufayli shunday jazolanishgandi.

Javob uchrashuvi esa Xarkovda emas, Kiyevda o‘tdi. UYeFA donetskliklarga harbiy holat amalda bo‘lgan hududda o‘yin o‘tkazishga ruxsat bermadi. O‘zining ashaddiy raqibi bo‘lmish «Dinamo»ning uy stadioni - «Olimpiyskiy»da o‘ynagan mezbonlar niyatlariga erisha olishmadi.

Maydonni o‘yinga tayyorlash uchun katta kuch sarflandi. O‘yin shitob bilan yog‘ayotgan qor ostida o‘tdi. Futbolchilar qizil rangli to‘pdan foydalanishdi, maydonga qizil chiziqlar chizildi. Baribir o‘yin kechikib boshlandi, bunga tribunada «Shaxtyor» sha'niga yomon gaplar aytilgan banner ko‘tarilgani sabab bo‘ldi. UYeFA bu vaziyat bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishi tayin.

Turnir jadvalidagi holat dastlab Manchesterda urilgan gol tufayli o‘zgardi. Andrey Kramarich 15-daqiqadayoq penaltidan gol urib hisobni ochdi. Bu daqiqalarda ketma-ket hujum uyushtirgan «Lion» turnir jadvali yetakchisiga aylanib olishi mumkin edi, ammo Andrey Pyatov Bertran Traore bilan yakkama-yakka vaziyatda jamoasini qutqardi.