Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat umumta'lim tashkilotlarining namunaviy ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nodavlat umumta'lim tashkilotlarining namunaviy ustaviga ko‘ra, nodavlat umumta'lim tashkiloti yuridik shaxs maqomiga ega tijoratchi (xo‘jalik shirkati va jamiyati, ishlab chiqarish kooperativi, unitar korxona va qonunlarda nazarda tutilgan boshqacha tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilgan) yoki notijorat (jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond, muassasa va qonunlarda nazarda tutilgan boshqacha tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilgan) tashkilot bo‘lib, o‘zining alohida mulkiga, bank muassasalarida hisob raqamlariga, o‘z nomi yozilgan dumaloq muhrga, shtamplarga va o‘z ramziga ega bo‘ladi.

Nodavlat umumta'lim tashkilotining maqsadi ta'lim oluvchilarga umumiy o‘rta ta'limning yuqori sifatini ta'minlaydigan qulay shart-sharoitlar yaratish, an'anaviy ta'lim xizmatlari bilan bir qatorda sifatli va ommabop ta'lim olishning muqobil imkoniyatlarini yaratadigan pullik ta'lim xizmatlari ko‘rsatish, ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda o‘qitishning innovatsion pedagogik shakllari, uslublari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida umumiy o‘rta ta'lim sohasidagi samaradorlik va natijaviylikni oshirishdan iborat.

Nodavlat umumta'lim tashkilotining vazifalari quyidagilardan iborat:

umumiy o‘rta ta'limni har bir shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlagan holda amalga oshirish, ta'lim oluvchilarning jinsi, millati, dini, irqiy mansubligi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar ularning har tomonlama kamol topishi uchun qulay shart-sharoitlar, o‘z ustida mustaqil ishlashlari va qo‘shimcha bilim olishlari uchun imkoniyatlar yaratish;

ta'lim oluvchilar tomonidan muntazam bilim olinishini ta'minlash, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirish, bazaviy o‘quv, ilmiy va umummadaniy bilimlarni shakllantirish;
ta'lim oluvchilarga milliy an'analar va umuminsoniy qadriyatlar asosida ta'lim berish, milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish asosida yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, o‘z vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirish;

ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olib, o‘qitishning innovatsion shakllari, zamonaviy pedagogik uslublari va texnologiyalaridan foydalanish asosida umumiy o‘rta ta'lim sohasidagi samaradorlik va natijadorlikni oshirish;

ta'lim oluvchilarning individual ijobiy xususiyatlari va qobiliyatlarini aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning yuksak darajada ta'lim olishlari, ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirishlari va ro‘yobga chiqarishlari uchun shart-sharoit yaratib berish;