Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 11 dekabrdagi 1049-sonli farmoyishiga muvofiq, 12-15 dekabr kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, jamoatchilik arboblari hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning Novovoronej shahriga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad - Rossiya Federatsiyasining atom energetikasi sohasidagi ilg‘or tajribasi bilan yaqindan tanishish. Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda quriladigan atom elektr stansiyasi (AES) aynan Novovoronej atom elektr stansiyasi loyihasi asosida bo‘lishi kutilmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, O‘zbekiston delegatsiyasiga Ekoharakat deputatlik guruhi rahbari, Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Boriy Alixonov boshchilik qilmoqda. Shuningdek delegatsiya tarkibidan Qo‘mitaning salomatlik, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, mudofaa va xavfsizlik, ilm-fan, ta'lim, madaniyat va sport, qonunchilik va sud-huquq masalalari bo‘yicha a'zolari o‘rin olgan.

Tashrifning ilk kuni O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Novovoronej shahrida joylashgan, 10 yildan beri samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Atom energetikasi axborot markazida bo‘lishdi. Markaz xodimlari o‘zbekistonlik deputatlar va jurnalistlarga innovatsion usullar yordamida atom energetikasining ahamiyati haqida batafsil ma'lumotlar taqdim etib, delegatsiya vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Shundan so‘ng delegatsiya vakillari Novovoronej atom elektr stansiyasining Ichki kommunikatsiyalar hamda axborot va jamoatchilik aloqalari boshqarmasida bo‘lib, AES bo‘yicha zarur qo‘llanmalarga ega bo‘lishdi. Shu bilan birga, delegatsiya a'zolari AES obektida rioya qilinishi kerak bo‘lgan qoidalar bilan tanishtirildi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik deputatlar Novovoronej shahar okrugi rahbari Nikolay Netyaga va mahalliy Duma vakillari bilan uchrashib, tinchlik maqsadlarida atom energetikasidan foydalanishga oid qonunchilik bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdi, RFning bu boradagi tajribasi bilan tanishishdi.


















