Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Madaniyat va san'at fidokori” ko‘krak nishonini ta'sis etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

“Madaniyat va san'at fidokori” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston madaniyati va san'ati rivojiga katta hissa qo‘shgan taniqli san'atkorlar, jahon miqyosidagi nufuzli ko‘rik-tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallagan, o‘zbek san'ati va madaniyatini dunyo sahnalarida muvaffaqiyatli namoyish etib kelayotgan yoshlar va ularning ustozlari, aholi, ayniqsa yosh avlodning madaniyat va san'at bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish hamda madaniyat va san'atni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlarning amalga oshirilishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, shuningdek mamlakatimizning barcha hududlarida o‘zbek san'atini keng targ‘ib qilish, yoshlar orasidan iqtidorli ijrochi va iste'dodli mahorat egalarini saralab olish hamda ularni maqsadli tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida sidqidildan mehnat qilayotgan, respublikada madaniyat va san'at sohasida malakali kadrlar tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatayotgan tajribali, yetuk hamda fidoiy madaniyat va san'at sohasi vakillari taqdirlanadilar.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

“Madaniyat va san'at fidokori” ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan taqdirlanadi.

Madaniyat markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, ko‘zi ojizlar kutubxonasi filiallari, moddiy va nomoddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va muzey sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlar, hayvonot bog‘lari, ko‘rgazmalar, kompozitor, bastakor va san'atshunoslar, teatr, kino va ommaviy tadbirlar rejissyorlari, teatr va kino aktyorlari, teatr studiyalari, dirijyorlar, baletmeysterlar, musiqa, xor, raqs, sirk, orkestr, ansambl ijrochilari va shu kabi jamoalarning badiiy rahbarlari,
qo‘shiqchi-xonandalar, shoir va yozuvchilar, tasviriy va amaliy san'at, dizayn sohalarida samarali faoliyat yuritayotgan, vohalarga xos bo‘lgan doston ijrochiligi namoyandalari, bolalar musiqa va san'at maktablari, ixtisoslashtirilgan akademik litseylar hamda madaniyat va san'at maktablari, shahar va tuman madaniyat bo‘limlari tomonidan xodimlarni madaniyat va san'at sohasiga qo‘shgan hissasi uchun ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar hududiy joylashuvidan kelib chiqib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalariga har yilning 1 aprel sanasiga qadar taqdim etiladi.