O‘zbekiston | 08:27 / 20.12.2018
44449
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura byudjyet mablag‘lari talon-taroj qilinishiga oid yana bir holatni aniqladi

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan “AAA” DUKda o‘tkazilgan tekshirishda pudratchi mansabdor shaxslari tomonidan byudjyet mablag‘lari talon-taroj qilingani aniqlangan. Bu haqda Kun.uz'ga Bosh prokuratura huzuridagi Inspektsiyaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabar berdi.

2017 yil fevral-dekabr oylarida Paxtakor tumanidagi 6 ta zovurlarga quyuluvchi inshootlarda shag‘al to‘kish, drenajlar usti polosasini ko‘mish, boshlang‘ich quduqlar o‘rnatish, kuzatuv qudug‘i sirti, boshlang‘ich quduqlar sirtini izolyatsiya qilish, atrofini tuproq bilan ko‘mish, lotoklarni almashtirish hamda qo‘l kuchi yordamida bajariladigan ishlar bo‘yicha jami 2 milliard 490 million 228 ming so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilganligi haqida hujjatlar rasmiylashtirilgan. 

O‘rganishlar natijasida hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 70 million 658 ming 400 so‘mlik ishlar qo‘shib yozilgani, rasmiy hujjatlar soxtalashtirilib buyurtmachiga taqdim qilingani ma'lum bo‘ldi. 

Bundan tashqari, korxona mansabdor shaxslari mansab mavqeini suiiste'mol qilib, 2017 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 183-moddasiga asosan intizomiy jazo qo‘llanilgan xodimlarga jami 11 ta holatda 8 million 990 ming so‘m rag‘batlantirish pullari to‘lab berib, byudjyet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilgan.

Korxona mansabdor shaxslari o‘zlarining mansabiga sovuqqonlik bilan qarab, vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgan. Debitor qarzdorliklarni o‘z muddatida undirish choralari ko‘rilmagani natijasida 01.12.2018 yil holatiga korxonaning 193 million 886 ming 400 so‘m muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud.

Mazkur holatlar yuzasidan Inspektsiyaning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan “AAA” DUK mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borish uchun viloyat prokuraturasiga yuborilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid