O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda Joriy yil mobaynida mamlakatimizning tashqi iqtisodiy sohasida tashqi savdo hajmi va eksportni tizimli ravishda jadal oshirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilgani, xususan, valyuta siyosati liberallashtirilgani, ma'muriy to‘siqlar bartaraf etilgani, eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari uchun narxlarni shakllantirish va to‘lovning bozor mexanizmi joriy qilingani qayd etilgan.

Raqobatbardosh afzalliklarga ega bo‘lgan tarmoqlarda bir qator tizimli muammolar va kamchiliklarning saqlanib qolayotganligi eksport hajmlarining salmoqli o‘sishini ta'minlashga to‘sqinlik qilayotgani sanab o‘tilgan.

Tovarlar va xizmatlar eksporti hajmini tubdan oshirish, eksportbop mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, tashqi savdo muvozanatini ta'minlash va valyuta tushumlarini ko‘paytirish maqsadida tadbirkorlik sub'yektlariga quyidagilarda har tomonlama ko‘maklashish Vazirlar Mahkamasining komplekslari, Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

  • yuqori qo‘shilgan qiymatga ega eksportbop raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, xizmatlar (turistik, tibbiy, ta'lim, transport, qurilish va boshqalar) eksporti hajmini keskin oshirish hamda ularni ko‘rsatish uchun tegishli infratuzilmani jadal barpo etish;
  • o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishda hamkorlarni izlash hamda tashkilotlar va korxonalar bilan shartnomalar tuzish.

Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Markaziy bankning Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimini tashkil etish va uning asosiy vazifalari etib quyidagilarni belgilash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinmoqda:

a) eksport faoliyatiga axborot-tahliliy ko‘maklashish bo‘yicha:

  • eksportni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini takomillashtirish, eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda ko‘maklashish;
  • marketing, narx shakllanishi, transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati, soliq hamda bojxona ma'muriyatchiligi (shu jumladan, xorijdagi) masalalari, “yagona darcha” tamoyili asosida tashqi bozorlarga kirish sharoitlari bo‘yicha eksport qiluvchilarga va ularning chet eldagi hamkorlariga axborot va maslahat ko‘magini ko‘rsatish;