O‘zbekiston | 11:50 / 21.12.2018
25525
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi innovatsion klinikaga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi DMC xususiy klinikasiga tashrif buyurdi. 

Mazkur maskanda oftalmologiya, neyrojarrohlik, plastik jarrohlik, kardiologiya, pediatriya, reabilitatsiya kabi o‘n beshdan ortiq ixtisoslik bo‘yicha tashxislash va davolash yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonga tibbiyoti rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan amaliyot va texnologiyalar joriy etilgan.    

Xususan, klinika AQSh, Germaniya, Avstriya, Yaponiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Shifokorlar Germaniya, Avstriya, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiyadagi yetakchi tibbiyot markazlarida malaka oshirgan. 

Bemorlar birinchi qavatda tashxisdan o‘tkazilib, mutaxassislar maslahatini oladi. Ikkinchi qavatda jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Zarur hollarda yuqori qavatlarda yotib davolanadi.  

Prezident innovatsion klinikadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Kasalliklarni erta aniqlash va davolash, sifatga e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi. 

 - Biz nima uchun tibbiyotda xususiy tarmoqqa sharoit yaratyapmiz? Raqobat bo‘lishi kerak. Raqobat bo‘lsa, sifatga intilish bo‘ladi, davolash, xizmat ko‘rsatish yaxshilanadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Klinika ko‘rish qobiliyatini tiklash bo‘yicha yetakchi markazlardan biridir. Bu yerda ko‘z to‘r pardasi kasalliklari va patologik holatlarni tashxislash imkonini beradigan “Topcon” tamograf-angiograf tekshiruvi, neyrofiziologik reabilitatsiya, kompyuterli bioboshqaruv kabi noyob davolash usullari qo‘llaniladi. 

Prezident kompyuterli bioboshqaruv xonasida ham bo‘lib, bu usul orqali medikamentlarsiz davolash, ruhiy va nutqiy nuqsoni bor bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish mumkinligiga e'tibor qaratdi. 

Shu yerda ko‘z mikrojarrohligi bo‘yicha o‘quv simuliyatsion markaz tashkil etish loyihasi taqdim qilindi. Davlat rahbari loyihani ma'qullab, kadrlar malakasini oshirishga xizmat qiladigan bunday simuliyatsion markazlarni tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari va mamlakatning boshqa hududlarida ham tashkil etish zarurligini ta'kidladi, deyiladi xabarda.

 

Mavzuga oid