20 dekabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining «Yoshlar press klubi»da bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish masalasida mutaxassislarning fikr-mulohazalarini eshitish va amaliyotga joriy etish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti hamkorligida «Voyaga yetmaganlarni zararli axborotlardan himoya qilishda huquqiy immunitet ahamiyati» mavzusidagi anjuman tashkil etildi.
Unga mavzudan kelib chiqib, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti professorlari, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Muhammad Quronov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Begmat Ochilov o‘z ma'ruzalari bilan qatnashdi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, kasb-hunar kollejlari va maktab o‘quvchilari kerakli mavzuda atroflicha ma'lumotga ega bo‘lib, unga oid o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasining «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarur yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida» qonuni, prezidentning 2017 yil 11 avgustdagi «Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida» farmoni, shuningdek, 2017 yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida» qarori mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Muloqot davomida bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishni ta'minlovchi huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va texnikaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ushbu sohadagi ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish zarurligi ta'kidlandi.
«Voyaga yetmaganlarni zararli axborotlardan himoya qilishda eng birinchi «Huquqiy immunitet»ni paydo qilish, bolalarda kitob mutolaasiga qiziqish uyg‘otish, kitobxonlikni targ‘ib etish, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning sifatini oshirish, maktablarda «Huquq asoslari» fani salmog‘i va sifatini oshirish, oila, maktab va jamoatchilik hamkorligini mustahkamlash lozim», - deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Begmat Ochilov.

Anjuman ishtirokchilari Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida» Qonun ijrosi yuzasidan umumta'lim maktablari o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari bilan tanishtirildi.

















