Afsuski, bunday xayrli ishlar tafti Jizzax viloyati Zafarobod tumani markazidagi 1-maktabgacha ta'lim muassasasigacha yetib kelmaganga o‘xshaydi. Yoki ushbu bog‘cha noma'lum sabablarga ko‘ra “mutasaddilarning” e'tiboridan chetda qolganmikan...

Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan murojaatda ota onalar Jizzax viloyatining Zafarobod tumani markazida joylashgan 1-son maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchilar uchun umuman sharoit yo‘qligi shu bilan birgalikda bog‘chada isitish tizimi ishlamasligini kuyinib yozishgan. Vaziyatni o‘rganish maqsadida Zafarobod tumaniga yo‘l oldik.
— Sovuq kunlar boshlandimi, ta'lim muassasasidan farzandimizni ertaroq olishga to‘g‘ri keladi. Bolalar maskanida isitish tizimi yaxshi ishlamaydi. Farzandimiz uchun uyimizdan elektr isitish moslamalarini olib keldik. Mana bugun ham shu holat. Nima emish, gaz hisoblagich uskunasi buzilibdi, uni tuzatishga tuman gaz filialiga olib ketishibdi. Axir bu holat qachongacha davom etadi?! Dekabr oyi ham yakunlanayapti. Bog‘cha kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni yoz oylarida boshlash kerak emasmidi?! O‘g‘lim sovuqdan peshobini tutolmay qoldi. Mana, kiring, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring, bunday sharoitda farzandlarimiz sog‘lom bo‘la oladimi? — deydi Elnar Jo‘rayeva.


Tashrifimiz tush vaqtiga to‘g‘ri kelganligi bois bolalar uxlashga yotqizilgan ekan. Bolalar yotoqxonasiga ko‘zimiz tushdi-yu hayratdan qotib qoldik. Zax va o‘ta sovuq xona, beton pol… O‘n-o‘n besh chog‘li bolalar ustki qalin kiyimlarida o‘rinlarida beozorgina uxlashardi. Kimningdir ko‘z qorachig‘i bo‘lgan bolakaylar shu xonada uxlashadi, mashg‘ulot o‘tkazishadi va ovqatlanishadi. Ma'lum bo‘lishicha ushbu MTM 1979 yili qurib foydalanishga topshirilgan. Ochig‘i ushbu maskanning “ta'rifini” keltirishga ortiq so‘z topa olmadik... Bolalar bog‘chasidagi ayanchli holatni quyidagi suratlar orqali bilib olasiz.






















