O‘zbekiston | 15:54 / 24.12.2018
42732
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura Yunusobod tumani sobiq hokimining ishi bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi

Foto: KUN.UZ

Bosh prokuratura Toshkent shahrining Yunusobod tumani sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov katta miqdordagi pora olish chog‘ida ushlangani haqidagi ma'lumotga izoh berishdan bosh tortdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Baxtiyor Abdusamatov joriy yilning sentabr oyi boshlarida katta miqdordagi pora bilan qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, B.Abdusamatov investorga joy taqdim etish maqsadida 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlangan.

«Bosh prokuratura bu holat bo‘yicha birorta rasmiy bayonot bermadi. Shuning uchun biz bu masala bo‘yicha izoh bermaymiz, deb hisoblayman. Sababi bu borada hech qanday rasmiy bayonotlar yo‘q», - dedi Bosh prokuratura matbuot kotibi Surayyo Rahmonova jurnalistlarga.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 11 apreldagi yig‘ilish chog‘ida Shavkat Mirziyoyev Abdusamatovning Atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimidagi faoliyatini tanqid qilgandi. Keyinchalik, u egallab turgan lavozimidan ozod etildi va bir hafta o‘tib Yunusobod tumaniga hokim etib tayinlandi. Hozir bu lavozimni poytaxt sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov egallab turibdi.

«Korrupsiyaga aloqador shaxslarga nisbatan ishlar tergov qilinmoqda. Yakuniy bosqichda bo‘lgan ishlar mavjud. Bu holatlarning barchasi bo‘yicha, ular sudga yuborilganidan so‘ng, biz xabar beramiz. Menimcha, bu tergov qilinayotganlar va tergovni olib borayotganlarga nisbatan juda to‘g‘ri pozitsiya bo‘ladi», - deya izoh berdi bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati sobiq hokimi ishi bo‘yicha tergov yakunlangani, ish sudga oshirilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid