O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi (AES) inshootini qurish uchun munosib maydon izlashga doir ishlar faol olib borilmoqda. Shu bilan birga, stansiyani qurish bo‘yicha qonunchilik bazasini tayyorlash hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi atom energetikasi yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur masalalar o‘tgan hafta Toshkent shahrida O‘zbekiston parlamentariylari va «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori birinchi o‘rinbosari, «IK» AJ prezidenti Aleksandr Lokshin boshchiligidagi RF delegatsiyasi uchrashuvi davomida batafsil muhokama qilindi. Aleksandr Lokshin Kun.uz muxbiriga bergan eksklyuziv intervyusida loyihaga oid ishlarining borishi va stansiya qurilishi rejalashtirilgan sana haqida so‘z yuritdi.

- Sizning O‘zbekistonga tashrifingiz loyihani amalga oshirish doirasidagi amaliy ish hisoblanadi. «O‘zatom» AES qurilishini 2020 yilda boshlashni mo‘ljallamoqda, ishlar belgilangan vaqtda boshlanadimi?
- Umid qilamizki, ha. Hozir stansiyaning joylashuvi bilan bog‘liq salohiyatli ehtimoliy maydonlarni o‘rganishga doir intensiv ishlar ketmoqda. Mart oyining oxiriga borib maydon tanlovi bo‘yicha qaror qabul qilinishiga umid qilyapmiz. Bu vaqtga kelib loyihani amalga oshirish bo‘yicha tadqiqot ishlari tugallanadi, rejaga ko‘ra, bu 2019 yilning oxirlariga borib taqaladi, AES qurilishi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi kutilmoqda. Shundan keyingina tayyorgarlik davri ishlarini boshlash mumkin bo‘ladi. Bu sanoat bazasi, turar joylar, infratuzilmalarning qurilishi demakdir, ya'ni bo‘lg‘usi AES maydoni hududida hayot qaynay boshlaydi. AES qurilishiga esa 2021 yil oxiri - 2022 yil boshida, regulyatordan tegishli litsenziya olgandan keyin kirishishga umid qilyapmiz.
- Ya'ni 2020 yilga borib qurilishning boshlang‘ich bosqichi boshlanib, keyin atom stansiyasi qurilishiga o‘tiladi, shundaymi? Jarayon qancha vaqt davom etadi?
- Shartli ravishda oladigan bo‘lsak, stansiya qurilishi muddati - bu reaktor korpusi asosiga birinchi betonning quyilish vaqtidan to stansiyani tarmoqqa ulashgacha bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga oladi. Dastlabki grafikka ko‘ra, bu davr 2022 yildan 2028 yilgacha bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu muddatga rioya qilish muammo emas, zero biz bu borada tegishli tajribaga egamiz. Boz ustiga, biz seriyali loyiha quramiz - Novovoronejda referent stansiyamiz bor. Biz dunyo bo‘ylab juda ko‘p stansiyalar bunyod qilyapmiz, O‘zbekistondagi AES qurilishi davriga borib esa, yanada ko‘proq tajriba to‘planadi. Har bir mamlakatdagi dastlabki davrning davomiyligi har xil bo‘lishi mumkin. Biz mamlakatda birinchi atom stansiyasining qurilishi – yangi sanoatni yaratish ekani haqida ko‘p gapiramiz. Bu jarayonlarning muvaffaqiyatli va o‘z muddatida amalga oshirilishida ko‘p narsa mamlakatlararo hamkorlikka bog‘liq. Bizning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik darajasini esa juda yuqori baholaymiz. Biz regulyator organlar, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotni shakllantirish, atom sohasi uchun qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yaratishda maksimal darajada ko‘mak berishga tayyormiz.
















