Prezidentning 2018 yil 29 martdagi farmoniga asosan mamlakat hududida “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilmoqda. Dasturning maqsadi qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yaxshilash, yo‘l-transport, muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obektlarini barpo etish va shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish va dunyoqarashini kengaytirish hisoblanadi.
Toshkent viloyati Chinoz tumani “Tong yulduzi” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Tojik ovul” mahallasi uzoq yillar davomida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmaganligi natijasida juda ham abgor holga kelib qolgan edi.

248 ta xonadon joylashgan mahallada qisqa vaqt ichida aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta'minlashga, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirishga va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, yillar davomida hal bo‘lmagan ichimlik suvi muammosi bartaraf etildi. Hozirda u yerda 90 nafar shaxs doimiy ish o‘rni bilan ta'minlandi. Uyda ishlamoqchi bo‘lgan ayollarga tikuv mashinalari olib berildi. Bundan tashqari, aholiga uy sharoitlarida tadbirkorlik qilish imkoniyatini yaratish uchun tovuq, quyonlar tarqatildi. Issiqxona tashkil etish maqsadida yurgan fuqarolarga tegishli yordam ko‘rsatildi.

Qishloq qancha obod bo‘lmasin aholining turmush madaniyatini ko‘tarish, boqimandalik kayfiyatidan xalos bo‘lmas ekan, vaqt o‘tib yana abgor holga kelib qolishi tayin. Shu sababli Adliya vazirligi tomonidan dastur doirasida mutasaddi tashkilotlar bilan “Obod qishloq madaniyati” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi aholining dunyoqarashini o‘zgartirish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish olib borilayotgan ishlarga daxldorlik hissini paydo qilishdir.


Shu maqsadda 2018 yilning 25-26 dekabr kunlari Toshkent viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Tojik ovul” mahallasida “Huquqiy axborot kunlari” nomli tadbir o‘tkazildi.


















