O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga oid soliq o‘zgarishlari e'lon qilindi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar 2019 yil 1 yanvardan boshlab bir kalendar yilda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi miqdoriga qarab, jumladan:

100 mln. so‘mgacha, qat'iy belgilangan soliqni;

100 mln. so‘mdan 1,0 mlrd. so‘mgacha tashkil etganda, 4 foizlik stavkada yagona soliq to‘lovini;

1,0 mlrd. so‘mdan oshganda yuridik shaxslar tomonidan to‘lanishi nazarda tutilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘laydilar.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini amalga oshirish doirasida quyidagi soliq va to‘lovlarni ham to‘laydilar:

1) bojxona to‘lovlari;

2) yer qa'ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar;

3) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq — suv resurslaridan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanilganda;

4) aksiz solig‘i — aksiz to‘lanadigan mahsulot ishlab chiqarilganda;

5) yagona ijtimoiy to‘lov;

6) davlat boji;

7) avtotransport vositalarini olganlik va (yoki) vaqtinchalik olib kirganlik uchun yig‘im.

Qat'iy belgilangan soliq – amalga oshirilayotgan faoliyat turi va hududiga qarab, belgilangan qat'iy soliq summasi miqdorida faoliyat yuritayotgan oyning 10-sanasiga qadar mahalliy byudjyetga to‘lanadi.

Faoliyatning bir necha turi bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilar qat'iy belgilangan soliqni faoliyatning har bir turi uchun mazkur turdagi faoliyatga nisbatan belgilangan stavkalar (summa) bo‘yicha alohida-alohida to‘laydilar.

Bir kalendar yil davomida tovarlar (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi belgilangan miqdordan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar qonun xujjatlarida belgilangan miqdor oshgan oyning keyingi oyidan boshlab yagona soliq to‘lashga o‘tadi.