Yangi soliq konsepsiyasining nafaqat ish beruvchi, ya'ni tadbirkorlarga, balki yollanma ishchilar, xodimlarning daromadida ham o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi haqida ilgari ham to‘xtalib o‘tgandik. Xususan, «Oyligimning qolgani qani?» sarlavhali maqolada daromad solig‘i va boshqa ushlanmalarni tahlil qilishga harakat qilgandik. O‘shanda yangi konsepsiya go‘yoki, ish haqidagi soliq yuklari kamayayotgani iddao qilingan bo‘lsa-da, aslida, o‘rtacha maosh oluvchi oddiy ishlovchilar uchun soliq ko‘payib ketayotgani aytilgandi.

Ammo «yuqorida» ham bu haqida yana o‘ylab ko‘rilganiga shubha yo‘q va o‘shanda tilga olingan variant ham sezilarli o‘zgartirildi. «Spoylerlar»ni yoqtirmasangiz ham, yaxshi xabar bo‘lgani uchun oldindan aytaman, ana endi rostdan ham oyliklarimizdan ushlab qolinadigan soliqlar kamaydi va yangi yilda oyligimiz o‘zgarmagan taqdirda ham, qo‘limizga ko‘proq summa tegadigan bo‘ldi.

Dastlabki variantda ishchi xodimlarning ish haqidan 25 foiz ushlanma ko‘zda tutilgan bo‘lsa, o‘zgargan tizimda bu 24 foizga tushirildi va uning ham 12 foizi ish beruvchi gardaniga yuklandi. Bu degani ish haqidan endi faqat 12 foiz ushlanma olib qolinadi, xolos. Qolgan 12 foizni tashkilot, korxonalarning o‘zi to‘lab beradi.   

Ish haqidan ajratmalar qanday ushlab qolinar edi?

2019 yilning 1 yanvarigacha ish haqidan daromad solig‘i qo‘yidagi to‘rt shkala bo‘yicha ushlab qolinmoqda.

Agar eng kam ish haqi yanvardan 202 730 so‘m bo‘lishini hisobga olsak, eski tizimda qolganida, quyidagicha ushlanmalar sodir bo‘lar edi.

202 730 so‘mgacha qismidan: (Daromad solig‘i – 0 so‘m (0 foiz)) + (Ijtimoiy sug‘urtaga ajratmalar – 16 218 so‘m (8 foiz)). Jami: 16 218 so‘m.

202 730 so‘mdan 1 013 650 so‘mgacha qismidan. 810 920 so‘mdan: 7.5 (daromad solig‘i) + 8 (ijtimoiy sug‘urtaga ajratma) = 15.5 foiz. Jami: 125 693 so‘m.

1 013 650 so‘mdan 2 027 300 so‘mgacha qismidan. 1 013 650 so‘mdan: 16.5 (Daromad solig‘i) + 8 (ijtimoiy sug‘urtaga ajratma) = 24.5 foiz. Jami: 248 344 so‘m.

2 027 300 so‘mdan ortiq qismidan: 22.5+8= 30.5 foiz ushlanib qolingan bo‘lardi.