Amalga oshirilayotgan har qanday islohotlar munozaralar uchun ochiq bo‘lgani yaxshi. Jumladan, soliq sohasidagi kutilayotgan o‘zgarishlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga, eng muhimi, oddiy fuqarolarning ijtimoiy ahvoliga qay darajada ta'sir qilishini o‘rganish, tushunishga harakat qilish ham juda dolzarbdir.

Misol uchun, ish haqidan to‘lanadigan soliqlar va ajratmalarning mazmuni va xajmidagi o‘zgarishlarni olaylik. Ochig‘ini aytish kerak, bu borada juda ko‘p gaplar aytilib, yakunda hammasi ish beruvchi va ishlovchilar bo‘ynidagi soliq yukini kamaytirishga qaratilgani iddao qilinsa-da, hisob-kitoblar biroz umumiy taqdim etilmoqda. Buning sababi ham tushunarli, biz hozir "eski" deb atayotgan joriy tizimda ish haqidan soliq va ushlanmalarni hisoblash o‘ta murakkab va bir qarashda yangi tizim bilan solishtirish qiyin. Keling, shu ish bilan shug‘ullanib ko‘ramiz. Agar hech bo‘lmasa 4-sinfgacha matematikadan yaxshi o‘qigan bo‘lsangiz, meni tushunishingiz oson kechadi.

ISh HAQIDAN AJRATMALAR QANDAY UShLAB QOLINADI?

Ish haqidan daromad solig‘i qo‘yidagi to‘rt shkala bo‘yicha ushlab qolinadi.

Bu shkalani tushunishda bir chalkashlik mavjud - eng kam ish haqining o‘n barobaridan yuqori oyliklar uchun 22.5 foiz ushlanadi, deyilganda, bu foiz o‘sha oylikning hammasi emas, o‘n barobardan oshgan qismiga qo‘llaniladi xolos. Ya'ni 1 800 000 so‘m oylikdan (eng kam ish haqining o‘n barobari - 1 722 400) faqat 77 600 so‘m (1800 000 - 1722400) qismidan 22.5 foiz daromad solig‘i hisoblanadi, qolgan qismlaridan ko‘rsatilgan tegishli foizlarda ushlab qolinadi.

Qolgan 1 722 400 so‘m oylikdan qo‘yidagicha daromad solig‘i olinadi:

Bir baravargacha - 172 240 so‘mdan 0 foiz = 0 so‘m;

1 baravardan 5 baravargacha - 861 200 - 172 240 = 688 960 so‘mdan 7.5 foiz = 51 672 so‘m;

5 baravardan 10 baravargacha - 1 722 400 - 861 200 = 861 200 so‘mdan 16.5 foiz = 142 098 so‘m.

Demak, 1 722 400 so‘m maoshdan jami 193 770 so‘m daromad solig‘i ushlanadi. Keyingi qo‘shilgan har yuz so‘m uchun 22.5 foiz, ya'ni 22.5 so‘m daromad solig‘i qo‘shilib borilaveradi.

Daromad solig‘idan tashqari, ijtimoiy sug‘urta fondiga ajratma mavjud va u ish haqidan 8 foiz miqdorda ushlanadi. Bu ham ishlovchining bo‘yniga yuklanadigan to‘lov hisoblanadi. Demak yuqoridagi namunaga qo‘shimcha qilsak, 1 722 400 so‘m maosh oladigan ishchidan 193 770 so‘mdan tashqari, maoshning 8 foizi, ya'ni, 137 792 so‘m ham ushlanadi.