O‘zbekistondan 5ta gol o‘tkazgan darvozabon APLda tengsiz penaltichi bo‘lib turibdi
APL 20-turidan o‘rin olgan «Kardiff» - «Lester» o‘yinida uelsliklar jamoasi darvozaboni Nil Eterij «Lester» futbolchisi Jyeyms Medisonning penaltisini qaytarishga erishdi va jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shdi.
Bu filippinlik posbonning APLning joriy mavsumida qaytargan uchinchi penaltisi bo‘ldi. Eterij bu borada yaqqol yetakchi bo‘lib turibdi. Darvozabon APLning dastlabki ikki turida ham penaltilarni qaytargandi.
Eterij penaltisini qaytargan futbolchilar ijtimoiy tarmoqlarda alohida muhokama qilinmoqda. Gap shunchaki, filippinlik darvozabonga 11 metrli nuqtadan gol urolmagan barcha futbolchilar AQSh prezidentlari bilan adash hisoblanadi.
1-turda Eterij «Bornmut» hujumchisi Kallum Vilsonning penaltisini qaytargandi. Vilson AQShning 28-prezidenti Vudro Vilson bilan familiyadosh. Vudro Vilson 1913-21 yillarda AQSh prezidenti bo‘lgan.
APLning 2-turida Eterij yana penalti qaytardi. Bu gal uning «jabrdiydasi» «Nyukasl» havbeki Robert Kennedi bo‘ladi. Kennedi AQShning mashhur 35-prezidenti Jon Fitsdjyerald Kennedining (1961-63 yillarda prezident bo‘lgan) familiyasidir.
20-tur o‘yinida Eterijga penaltidan gol urolmagan Jyeyms Medison esa AQShni 1809-17 yillarda boshqargan mamlakatning 4-prezidenti Jyeyms Medison bilan aynan adash hisoblanadi.
Ta'kidlash joiz, Nil Eterij Filippin terma jamoasi bilan Osiyo Kubogiga bormaydigan bo‘ldi. Ba'zi manbalarda yozilishicha u o‘z xohishiga ko‘ra musobaqada qatnashmaslikni ma'qul ko‘rgan, bu bilan darvozabon bor e'tiborni klubdagi faoliyatiga qaratmoqchi.
Eterij o‘z vaqtida Filippin terma jamoasi safida bir qancha o‘yinlarda maydonga tushgan. Jumladan, O‘zbekistonga qarshi o‘yinda ham. 2015 yil 8 sentabr kuni O‘zbekiston JCh-2018 saralash o‘yinida mehmonda Filippinni 5:1 hisobida mag‘lub etgandi. Odil Ahmedov bitta, Igor Sergeyev va Sardor Rashidov ikkitadan gol urgan o‘sha o‘yinda Filippin darvozasini aynan Nil Eterij qo‘riqlagandi.
Mavzuga oid
22:16 / 11.11.2024
Filippinga «Toraji» to‘foni yopirildi
17:55 / 10.11.2024
Xitoy Filippinning dengiz zonalariga oid qonuniga javoban patrullikni kuchaytiradi
13:10 / 29.10.2024
Filippinda «Trami» to‘foni tufayli 5,7 mln kishi uyini tashlab ketdi
20:34 / 27.10.2024