2018 yil sarhisobi davomida vazirlik, tashkilot, idora va muassasalarning matbuot xizmati to‘g‘ri hamda batafsil ma'lumotlarni jamoatchilikka yetkazib bera oldimi, degan savol turibdi. Kun.uz tasnifida yil davomida samarali mehnat qilgan matbuot (axborot) xizmatlari, shuningdek, ochiq ma'lumotlarni ham yashirishga intilgan, ish samaradorligi bilinmaydigan xizmatlar reytingini e'tiboringizga havola etamiz.

Yilning eng yaxshi matbuot kotibi 

Vazifasini sidqidildan amalga oshirib, zimmasidagi mas'uliyatni ado etayotgan matbuot xizmati - Bosh prokuratura matbuot kotibi Surayyo Rahmonova. Vaholanki, Bosh prokuratura tizimida o‘nlab boshqarma, tuzilmalar bo‘lsa-da, Rahmonova prokuratura vakolati doirasidagi barcha so‘rovga o‘z vaqtida munosabat bildiradi. Uning har bir munosabati rasmiy izoh sifatida talqin etiladi. Prokuratura tizimiga oid xabarlarni aniqlashtirish uchun qilingan barcha murojaatlar qaysidir ma'noda qanoatlantirilgan, ya'ni savol javobsiz qolmagan. 

Yilning eng faol matbuot xizmati 

Garchi bu masalada bir to‘xtamga kelish qiyin bo‘lsa-da, tan olish kerakki, Komil Allamjonov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi prezident matbuot xizmati jamoasi media maydonida jonbozlik ko‘rsatdi. Davlat rahbarining tashriflari, uning ishtirokida o‘tgan yig‘ishlar, uzoq yillar kuzatilgan odatiy reportajlardan farqli ravishda, jonli tasvirlar bilan boyitildi. 

Prezident matbuot kotibi lavozimida ishlagan Komil Allamjonov esa davlat ahamiyatiga molik ijtimoiy-siyosiy masalalarda rasmiy izoh berishni boshladi. O‘qituvchi Diana Yenikeyeva bilan yuz bergan holat yuzasida jurnalistlarga brifing berildi. Bizningcha, bularning barchasi tahsinga sazovor va ishlar shu zaylda davom etishi kerak edi. Albatta, Komil Allamjonovning boshqa lavozimga o‘tkazilishi prezident matbuot xizmati faoliyatining sustlashib, axborotlarni to‘liq va tezkor uzatilishiga salbiy ta'sir qilmoqda. 

Yilning eng ochiq matbuot xizmati

Bu yo‘nalishda, shaksiz, Adliya vazirligi va tizimda sermahsul ishni davom ettirayotgan Adliya matbuot xizmati tan olinishi kerak. Gap shundaki, Adliya vazirligidan ma'lumot olish, u yoki bu masala yuzasidan izoh so‘rash nafaqat OAV vakillari, balki barcha uchun ham mushkul ish emas. Qolaversa, vazirlik dolzarb ma'lumotlarni «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida muntazam e'lon qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan vazirlik matbuot xizmati muloqotlarga ochiq, vazirlik huzurida bir nechta mustaqil targ‘ibot guruhlari shakllantirilgan bo‘lib, ular qonun va hujjatlarni elga tushunarli tilda yetkazib berilishiga harakat qiladi. Shu o‘rinda Davlat xizmatlari agentligi jamoasi ham samarali faoliyat yuritayotgani, agentlik esa Adliya huzurida ekanligini inobatga olsak, Adliya vazirligi matbuot xizmati eng ochiq xizmatlardan birinchisi bo‘lishga loyiq.