Pedagogika fanlari nomzodi, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining filologiya fakulteti dotsenti Shahlo Yo‘ldosheva dars jarayonida mobil telefonlardan foydalanishni va mobil telefonlar hamda turli gadjetlarni maqsadli qo‘llashni tezlashtirishni taklif qilmoqda. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi saytida xabar qilindi.

Maqolada aytilishicha, mamlakatning iqtisodiy hayoti, barcha sohalarga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘yicha islohotlar va ilg‘or texnologiyalar, tabiiyki, ta'lim sohasini chetlab o‘tishi mumkin emas. Aksincha raqamli iqtisodiyot asosini kadrlar va ta'lim tashkil qiladi. 

«Shunday ekan, raqamli O‘zbekiston kelajagi hozirda maktab partasida o‘tirgan bolalarimiz, yoshlarimiz qo‘lidadir. Albatta, ular raqamli iqtisodiyotni boshqara oladigan, taraqqiy ettiradigan darajada sifatli va zamonaviy bilimga ega bo‘lsa, kelajagimiz buyuk bo‘ladi, raqamli O‘zbekiston xavfsizligi ta'minlanadi», - deyiladi maqolada.

Muallifning yozishicha, umumta'lim maktablarida ta'limni raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish kelajakda o‘z samarasini beradi.

«Mutaxassislar ta'kidlayotganidek, nafaqat informatika, balki umumta'lim maktablari o‘quv rejasidagi barcha fanlarni o‘qitishda raqamli texnologiyalarni tatbiq qilishni jadallashtirish uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan rejalarning ro‘yobga chiqish sur'atini oshiradi», - deyiladi maqolada.

Shuningdek, ma'rifatning, taraqqiyotning muxoliflari bo‘lgani, har qanday yangilikni joriy qilishda qarshiliklar, ziddiyatlarga duch kelingani kabi raqamli texnologiyalarni ta'limga olib kirishda ham bir-birini istisno qilayotgan holatlar ko‘zga tashlanadi. Jumladan, raqamli ta'limni joriy qilishda bu yaqqol namoyon bo‘lmoqda:

1. Raqamli texnologiyalarni ta'limning quyi bo‘g‘inlaridan boshlab tatbiq qilishga ta'lim muassasalari, xususan, maktablarning moddiy ta'minoti javob bera olmasligi.
2. Fan o‘qituvchilarining raqamli texnologiyalarni ta'lim jarayoniga olib kirishdan ko‘ra an'anaviylikni qulay va oson deb hisoblashi.
3. Umumta'lim fanlaridan elektron adabiyotlarning yetarli emasligi.
4. Kompyuter va turli gadjetlarning inson salomatligi, ruhiyatiga salbiy ta'siri, o‘quvchilarning mediamadaniyati, “teleavlod” tushunchasi kabilar.

Maqolada aytilishicha, multimedia vositalari bilan maktablarni to‘liq jihozlashni qo‘l qovushtirib kutib o‘tirishning hojati yo‘q. Aslida bu ishni to‘la yakunlash imkonsiz ham. Qolaversa, kompyuter texnologiyalari va raqamli texnologiyalar kun sayin yangilanmoqda, takomillashmoqda.