Bugun, 8 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda hukumat a'zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

«Faol investitsiya siyosati – barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishishning eng muhim shartlaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yil mamlakatimizda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e'lon qilindi. 2019 yilgi Investitsiya dasturiga 16,6 milliard dollarlik 3 mingdan ziyod loyiha kiritilgan. Bu 2018 yildagiga nisbatan 16 foiz ko‘pdir. Jumladan, joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,2 milliard dollar bo‘lgan 140 ta ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Videoselektorda mazkur yirik va muhim loyihalarni o‘z muddatida va sifatli amalga oshirish masalalari muhokama qilingan. 

Xorijiy davlatlar va investorlar bilan faol ish olib borilayotgani natijasida jami investitsiyalarning 25 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el sarmoyalari tashkil etayotgani qayd etilgan. Xususan, joriy yilda shunday investitsiyalar ishtirokidagi 320 ta loyiha doirasida 4,2 milliard dollar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. 

Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni so‘zsiz amalga oshirish, chet ellik investorlarga har tomonlama yordam berish hukumatning eng muhim vazifasi bo‘lishi kerakligini ta'kidlagan. Investitsiyalarning asosiy qismini o‘zlashtirishni yilning oxirgi oylariga qoldirish amaliyotiga chek qo‘yib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35 foizga, to‘qqiz oylikda 70 foizga yetkazish zarurligi qayd etilgan.

Bu boradagi vazifalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari bo‘yicha tahlil qilingan. Xorijiy investitsiyalar ulushi avvalgi yildagiga nisbatan kamaygan, mablag‘larni o‘zlashtirish sust tashkil etilgan soha va tarmoqlar ko‘rsatib o‘tilgan. Yil oxiriga qadar qo‘shimcha sarmoyalarni jalb qilish, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarga talab yuqori bo‘lgan soha va hududlarga yo‘naltirish, ushbu resurslarning o‘zlashtirilishini nazoratga olish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.