Har yili kimdir Apple kompaniyasining yangi gadjetlari taqdimotini yoki yana kimdir Tesla kompaniyasining yangi innovatsiyasini kutadi. Oddiy iste'molchi uchun kelajak texnologiyalari ko‘rgazmasi CES (Consumer Electronics Show) esa har yili o‘tkazib kelinadi. Bu galgisi 8 yanvardan 11 yanvargacha Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma iste'molchilar uchun mo‘ljallangan texnologiyalar sohasidagi asosiy tadbirlardan sanaladi. Unda jahonga mashhur kompaniyalar startaplarning tayyor mahsulotlari bilan bir qatorda kelajak uskunalarining loyihalari ham namoyish etishadi.
Bu yilgi CES 2019 nimalar bilan hayron qoldirishi mumkin? Quyida ko‘rgazmaning eng innovatsion loyihalarini e'tiboringizga havola qilamiz.
Samsung'dan modulli televizor. Samsung o‘lchami faqatgina bloklar soni bilangina cheklangan The Wall modulli televizorini taqdim etdi. Taqdimotda televizorning diagonali 219 dyumli prototipi namoyish qilingan, nazariya bo‘yicha esa u har qanday o‘lchamga moslashaveradi.

Televizorning har bir bloki bir necha mikron o‘lchamidagi yorug‘lik diodlari bilan ta'minlangan MicroLED texnologiyasiga ko‘ra ishlab chiqilgan. The Wall 8K tasvirlarni ko‘rsatadi, 4K tasvirlarni ham sun'iy idrok vositasida 8K tasvirgacha sifat buzilishisiz cho‘za oladi. Televizorning sotuvga chiqish vaqti va narxi e'lon qilinmagan.
Google Assistant'dagi sinxron tarjimon. CES ko‘rgazmasi vaqtida Google kompaniyasi keng masshtabda yangilangan Assistant'ni taqdim etdi. Yangilangan «yordamchi» 27 tilda sinxron tarjima qila oladi. Sinxron tarjimon «Google, <til nomi> tilidan tarjimon» buyrug‘i bilan faollashtiriladi. Shundan so‘ng vosita suhbat ishtirokchilarining nutqini navbatma-navbat tarjima qilishni boshlaydi.

Assistant'ning yangi imkoniyatlari dastlab Google Home Hub «aqlli» kolonkalari egalariga berildi.
O‘ramaga aylanadigan LG televizori. LG 65-dyuym OLED-ekranli Signature televizorini ko‘rsatdi. Ekran, tugma bosilishi bilan, bir necha soniya ichida bukila boshlaydi va 50 ming ochib-yopish tarziga moslangan.
Displey bukilgan holda ham tasvirlarni 21:9 shaklida ko‘rsatib, ishlayveradi. Televizor 2019 yilning oxiridan savdoga chiqariladi.



















