12 yanvar – Osiyo Kubogining sakkizinchi kunida guruh bosqichidan chiqish vazifasini uddalagan jamoalar soni oltitaga yetdi. Bugun bo‘lib o‘tgan uchala bahsda ham favoritlarning qo‘li baland keldi; Eron, Iroq va Saudiya Arabistoni terma jamoalari Iordaniya, Xitoy va Janubiy Koreya ortidan 1/8 final ishtirokchisiga aylandi.
«D» guruhi
Musobaqadagi oltita guruhdan dastlabki ikkitasidan tashqari qolgan guruhlarda hozircha barchasi reja bo‘yicha ketmoqda – guruhning yaqqol ustun ikki jamoasi uchinchi turdagi o‘zaro to‘qnashuvi oldidan 6 ochko jamg‘arib, so‘nggi turdagi muhim bahsning ahamiyatini kamaytirishga erishmoqda. Kecha «S» guruhida Xitoy va Janubiy Koreya bilan shunday holat ro‘y bergan bo‘lsa, bugun «D» to‘rtligida Eron va Iroq terma jamoalari minimum vazifani uddalab bo‘lishdi.
Forslar kunning ilk uchrashuvida Vetnamni 2:0 hisobida mag‘lub etdi, har ikkala golga ham Sardor Ozmun mualliflik qildi. U birinchi turda Yaman darvozasini ham ishg‘ol etgan edi, shuning hisobiga 3ta gol bilan to‘purarlar ro‘yxatini boshqarmoqda. Eron musobaqada eng ko‘p (7ta) gol urgan jamoa bo‘lib turibdi.
O‘tgan turda Vetnamni 3:2 hisobida mag‘lub etgan Iroq bu safar ham raqib darvozasiga uchta to‘p yo‘lladi, bu safar ham uchinchi gol 90-daqiqadan keyin urildi. Bu gal Yaman terma jamoasini katta ustunlik bilan mag‘lub etgan (3:0) iroqliklar keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Eron – Vetnam 2:0
Gollar: Azmun (38, 69)
Iroq – Yaman 3:0
Gollar: Ali (11), Rasan (19), Abbos (90+2)
16 yanvar: Vetnam – Yaman, Eron – Iroq

«E» guruhi
Eron kabi, Saudiya Arabistoni ham bugungi raqibi Livan darvozasini har ikki bo‘limda bir martadan ishg‘ol etib, darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi – 2:0. Natijada Saudiyaliklar 1996 yildan buyon ilk marta Osiyo Kubogini ketma-ket ikki g‘alaba bilan boshlay oldi. E'tiborlisi o‘sha musobaqada shu terma jamoa chempionlikka erishgan edi.
Miodrag Radulovich ustozligidagi Livan termasi ilk turda Qatarga ham yutqazgan edi. Ushbu natijadan so‘ng livanliklarning Osiyo Kubogi final bosqichidagi g‘alabasiz seriyasi 5ta o‘yinga yetdi (2 durang va 3 mag‘lubiyat), ushbu beshta bahsdan to‘rttasida jamoa kamida 2ta to‘p o‘tkazib yuborgan.
















