Osiyo Kubogining «F» guruhida ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi 2-turda Turkmanistonni 4:0 hisobida mag‘lub etdi va keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Dubaydagi «Rashid Stadium»da kechgan bahsda barcha gollar birinchi bo‘limda urildi. Eldor Shomurodov dubl qayd etgan bo‘lsa, Javohir Siddiqov va Jaloliddin Masharipov o‘z nomiga bittadan gol yozib qo‘ydi. Quyida uchrashuvga oid ba'zi statistik ma'lumotlar keltirib o‘tiladi.

– Eldor Shomurodov 6 marta pas uzatish orqali jamoadoshini darvozaga zarba berish uchun qulay vaziyatga olib chiqdi, bu - o‘yindagi eng yaxshi ko‘rsatkich. Masharipov va Zoteyev ikkitadan o‘tkir pas uzatishdi.

– Oleg Zoteyev yakkakurashlarda eng ko‘p qatnashgan o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ldi. U 16 marta raqib bilan to‘p uchun ko‘rashib, 56 foiz duelda yutib chiqdi. Zoteyev, shuningdek, O‘zbekiston tarkibida eng ko‘p (4 marta) fol ishlatgan futbolchi ham bo‘ldi.

– Dostonbek Hamdamovning 4ta zarbasidan bittasi noaniq chiqdi, uchtasini raqib darvozaboni qaytarib qoldi.

– Shomurodovning darvoza tomon uchta zarbasidan ikkitasi golga aylandi.

– Odil Ahmedov – eng ko‘p jarima zarbasini ishlab olgan futbolchi. 76-daqiqada zaxiraga olingunga qadar unga nisbatan 5 marta qoidani buzishdi.

– Islom To‘xtaxo‘jayev – eng ko‘p pas uzatgan futbolchi (78 marta, shundan 70tasi aniq – 90%). Bu yo‘nalishda ikkinchi o‘rindagi Odil Ahmedov 67ta to‘p uzatishni amalga oshirgan (57tasi aniq – 85%).

– To‘p uzatishlarning aniqligi bo‘yicha Otabek Shukurov (94% – 51/54) va Anzur Ismoilov (93% – 55/59) eng yaxshi natija ko‘rsatishdi.

– Shukurov maydonning ikkinchi yarmiga uzatilgan paslar (19ta) aniqligi bo‘yicha 100 foizlik natija qayd etdi. U bitta golga assistentlik ham qildi.

– Odil Ahmedov – maydonning ikkinchi yarmiga eng ko‘p (28ta) pas uzatgan futbolchi. U oldinga tomon uzatgan to‘plar 74 foiz holatda manzilga aniq yetib bordi.