Buxoro viloyati Olot tumani hokimi Sherali Salomov «Shuhrat» fermer xo‘jaligi rahbari Orif Durmatovni ko‘pchilik oldida urib, do‘pposlab, huquqlarini toptab, fermerlik hisob raqamidagi 25 million so‘m mablag‘ni boshqa maqsadlarga yo‘naltirishga majburlagan. Bu haqda Xabar.uz xabar bermoqda.
Hodisa 9 yanvar kuni Olot tuman hokimligi majlislar zalida o‘tkazilgan yig‘ilish vaqtida ro‘y bergan.
«Besh yildan buyon 42,5 gektar yer maydonidan hosil olib, paxta va g‘alla bo‘yicha davlat rejasini o‘z vaqtida bajarib kelaman. Fermer xo‘jaligimning 10dan ortiq a'zosi bor. Joriy yilning 9 yanvar kuni «Paxtakor» mahalla fuqarolar yig‘ini «Bahrin bayot» fuqarolar yig‘ini raisi Zokir Begiyev soat 10:30da meni Olot tuman hokimligi majlislar zalida soat 14:30da o‘tkaziladigan yig‘ilishga yetib kelishim zarurligini aytdi. U yerga yetib borganimda ko‘p fermerlar yig‘ilgan edi», — deya hikoya qiladi Orif Durmatov.
«Yig‘ilishga kirishim bilanoq, tuman hokimi mendan fermer xo‘jalik muhrini so‘radi. Men dalada ekanligim bois, majlisga kechikmaslik uchun to‘g‘ri tuman hokimiyatiga kelganimni, muhr uydagi seyfdaligini, otamga xabar jo‘natib, muhrni keltirishini so‘rashimni bildirdim. Muhr talab qilinayotganining sababi esa tumandagi «Ilhom» fermer xo‘jaligi hisob raqamiga tuman uchun qishloq xo‘jaligiga kerak bo‘ladigan o‘rim kombaynlari va haydov traktorlarining xarid qilinishi edi», — degan fermer.
U e'tiroz o‘rnida ayni paytda fermer xo‘jaligining yonilg‘i moylash mahsulotlari hamda yerlarni shudgor qilib bergan boshqa bir fermer xo‘jalik texnikasidan foydalangani uchun qarzdorligi borligini bildiradi. Shundan keyin tuman hokimi fermerning oldiga kelib, uni 200dan ortiq fermerning oldida nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab, uradi va boshiga qattiq zarba berib yiqitadi.
«Lablarim, burnim va og‘zimdan qon ketishiga qaramasdan, aytilgan mablag‘ni ko‘chirmasam, mendan fermer xo‘jaligimga tegishli bo‘lgan yerni tuman hokimligi zaxirasiga topshirishim to‘g‘risida majburlab ariza yozdirib oldi. Shundan so‘ng tuman hokimi o‘z vakillari hamda tuman IIB xodimlarini uyimga yubortirib, uydagi fermer xo‘jaligiga tegishli muhrni otamga aytib seyfdan oldirgan. Holatni eshitib, qon bosimi ko‘tarilgan otam, mablag‘ ketsa ketsin, o‘g‘lim omon bo‘lsin, deb muhrni so‘rab kelganlarga topshirgan. Muhrni keltirishgach, hokim yana boshimda turib, fermer xo‘jaligimdan 25 million so‘m mablag‘ni boshqa hisobga o‘tkazish uchun yozuvlari qayd etilmagan to‘lov topshiriqnomasiga muhr va imzoimni majburlab yozdirib oldi», — degan jabrlanuvchi.
To‘lov topshiriqnomasini majburlab imzolatilgach, fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yerlarni tuman hokimiyati zaxirasiga topshirish to‘g‘risida majburlab yozdirilgan arizani qaytarib berishadi.







