Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Toshkent shahar boshqarmasining pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori 8 EKIHdan 10 EKIHgacha oshirilgani munosabati bilan pensiyalar qaytadan hisoblab chiqilishi to‘g‘risidagi rasmiy tushuntirishi Norma sharhida yoritildi.

Masalaning tarixi

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 12.12.2018 yildagi PF–5597-son farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori EKIHning 8 baravaridan 10 baravarigacha oshirildi. Shu munosabat bilan tayinlangan pensiyalar miqdorlarini qayta ko‘rib chiqish vazifasi topshirildi.
 
Nashr shu mavzuda ko‘p savollar kelib tushayotganini, pensiyalarni qaytadan hisoblab chiqish tartib-taomilini belgilovchi alohida hujjat mavjud emasligini inobatga olgan holda quyidagi savollarga tushuntirish berishni so‘rab budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga murojaat qildi:

• pensiya qachon tayinlanganidan qat'i nazar, pensiyani qaytadan hisoblab chiqish to‘g‘risidagi qoida barcha pensionerlarga nisbatan qo‘llaniladimi;
• pensiya qay tartibda qaytadan hisoblab chiqiladi, pensioner shaxsan murojaat qilishi zarurmi, u qanday hujjatlarni taqdim etishi lozim.
 
Toshkent shahar boshqarmasining tushuntirish berishicha, Farmonga muvofiq, pensiya tayinlangan sanadan qat'i nazar, pensiyalarni hisoblab chiqarishda qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqi 8 EKIHdan ortiq bo‘lgan barcha pensionerlarning pensiya miqdorlari qayta ko‘rib chiqiladi.
 
Bugungi kunda elektron ma'lumotlar bazasida mavjud bo‘lgan ma'lumotlar asosida qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan barcha pensiya yig‘majildlari bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirildi, shu sababli pensionerlarning o‘zlari pensiyalari indeksatsiyalanishi uchun qayergadir alohida murojaat qilishlari kerak emas.
 
Ayni paytda, pensiya oluvchilarda savollar yoki qaytadan hisoblab chiqish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, ular yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etishlari va ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Idora pensiya bo‘limiga murojaat qilganda pensionerning qo‘lida aynan qanday hujjatlar bo‘lishi kerakligi xususida aniqlik kiritmadi. Bu vaziyatda Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 147-bandiga amal qilishni maslahat beramiz.