DXA haydovchilik guvohnomalari bo‘yicha eslatma bilan chiqdi
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi 116-son qaroriga muvofiq amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish 2019 yil 1 yanvar — 2020 yil 31 dekabr davrida — eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari uchun, ularning berilgan sanasidan qat'i nazar — majburiy tartibda amalga oshirilishi hamda 2021 yil 1 yanvardan eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emasligi belgilangan.
Hozirgi vaqtda Toshkent shahrida 1 milliondan ortiq eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagisiga almashtirilmagan bo‘lib, mazkur haydovchilik guvohnomalarini 2020 yilning oxiriga qadar almashtirish majburiy hisoblanadi. Mazkur haydovchilik guvohnomalarini 2020 yilning oxirigacha, ya'ni 24 oy va har bir ish kunida almashtirilganida kamida 2200 – 2500 ta atrofida fuqarolarning haydovchilik guvohnomalarini almashtirish talab etiladi.
Biroq, bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari orqali kundalik 500 - 600 ta atrofida haydovchilik guvohnomalari almashtirilmoqda va mazkur davr mobaynida 85 mingdan ortiq fuqarolarning haydovchilik guvohnomalari almashtirilishiga erishilgan, xolos.
Shu sababli, 2019 yilning ikkinchi yarmi va 2020 yil davomida mazkur davlat xizmatiga aholi o‘rtasida talab keskin oshib ketishi kutilmoqda. Oqibatda Davlat xizmatlari markazlarida yana navbatlar ko‘payib, tartibsizliklar va fuqarolar o‘rtasida turli tushunmovchiliklar yuzaga kelishi va belgilangan muddatda fuqarolar haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagisiga almashtirishga erishilmaydi.
Shu munosabat bilan, fuqarolarga bugundan Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etishlari tavsiya etiladi.
Ma'lumot tariqasida, milliy haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagisiga Toshkent shahrining Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tuman Davlat xizmatlari markazlarida soddalashtirilgan tartibda, ya'ni murojaatchilarning doimiy yashash manzilidan qat'iy nazar, pasport va eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni, shuningdek EKOIHning 70 foizi miqdorida to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda amalga oshirilishi ma'lum qilinadi.
Mavzuga oid
21:59 / 31.10.2024
Toshkentda «prava» olish uchun imtihon narxi oshgani rad etildi
09:57 / 18.08.2024
Xorazm va Jizzaxda pul evaziga haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
11:40 / 02.07.2024
Haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi
21:48 / 04.06.2024