O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper iste'foga chiqarilishi kerak. U terma jamoaga hech narsa berolmadi va bundan keyin ham berolmaydi, bunga ishonchim komil. Uning bosh murabbiy qilib tayinlanishini esa O‘FA tomonidan yo‘l qo‘yilgan jiddiy xato deb hisoblayman.

Gap O‘zbekiston terma jamoasining penaltilar seriyasida Avstraliyaga yutqazib, Osiyo Kubogini 1/8 finaldayoq tark etgani va o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay olmaganida emas. Vaholanki, musobaqadan oldingi balandparvoz va'dalarda terma jamoamiz Osiyo chempioni bo‘lishi haqida gapirilgan edi. Gap terma jamoaning o‘yinida o‘sish bo‘lmaganida, passiv va himoyaviy, qandaydir tushunarsiz, yoqimsiz futbol namoyish etganidadir.

Mag‘lubiyat bilan mag‘lubiyatning farqi bo‘ladi. 2007 yili Osiyo Kubogi chorakfinalida biz Saudiya Arabistoniga 1:2 hisobida yutqazganmiz. Ammo qanday yutqazgan edik? Terma jamoa juda chiroyli va hujumkor o‘yin namoyish qilgan, faqat hakamning qo‘pol xatosi tufayli, biz urgan gol inobatga olinmaganidan so‘ng, musobaqani alamli tarzda tark etgan edi. O‘sha mag‘lubiyatdan so‘ng, futbolchilarni ayblashga hech kimning tili bormagan, hatto OFK prezidenti hakamning xatosi uchun shaxsan bizdan uzr so‘ragan edi.

Ektor Kuper nima uchun terma jamoaga tayinlandi?

Kuper tayinlanganida uning avvalgi yutuqlari tilga olindi. «Valensiya» bilan Chempionlar Ligasi finaliga 2 marta chiqqani, Misr terma jamoasi bilan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani baralla aytildi. Qayd etishga arziydi - 2000 yilda UYeFA uni eng yaxshi murabbiyi deb e'tirof qilgandi.

Biroq, Kuperning murabbiylik faoliyatida muvaffaqiyatsiz o‘tgan, ba'zan esa yaqqol barbod qilingan yillar bo‘lgan. Ular esa yutuqli davrlarga qaraganda ko‘proq, bu jihatlarga negadir e'tibor qilinmadi. «Valensiya» bilan qo‘lga kiritilgan yutuqlardan so‘ng, Kuper «Inter» bilan Italiya A Seriyasida 2-o‘rinni egallagan. Shundan keyin uning faoliyati tubanlikka qarab ketadi: «Malorka» klubini Primerada so‘nggi o‘rinni egallab turganida tark etadi, «Betis»da muvaffaqiyatsiz mavsum o‘tkazadi, «Parma» klubida atigi 2 oy ishlab, qoniqarsiz natijalar tufayli iste'foga chiqariladi. Gruziya terma jamoasini birorta o‘yinda g‘alaba qozonmay tark etadi, «Rasing» klubida qoniqarsiz natijalar tufayli, mavsumni oxiriga qadar yetkaza olmaydi, Turkiyaning ommaga tanish bo‘lmagan «O‘rduspor», Gretsiyaning «Aris», BAAning «Al-Vasl» klublarida ham uzoq ushlanib qolmaydi. O‘FA bu ma'lumotlarni tahlil qilib ko‘rganmikan?

2015 yilda Kuper Misr terma jamoasini qo‘lga olib, u bilan Afrika Millatlari Kubogi finaligacha yetib bordi, keyinchalik JCh-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Balki O‘FA shu yutuqlardan ilhomlangandir? Bu g‘alabalarga Kuperning asosan muvaffaqiyatsiz o‘tayotgan faoliyatidagi istisno tariqasida qarash mumkin. Chunki, Misrda so‘nggi yillarning zo‘r hujumchilaridan biri Muhammad Saloh bor edi. Terma jamoaning yuki asosan uning yelkasiga tushdi. Futbolchi jarohat olishi bilan Misr nursiz o‘yin namoyish qiladigan o‘rtamiyonaga aylandi qo‘ydi (JCh-2018 guruh bosqichini eslash kifoya).