Shavkat Mirziyoyev Bavariya Bosh vaziri bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrifning ikkinchi kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Myunxen shahrida Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari faxriy mehmonlar kitobiga imzo qo‘ydi.
Germaniyaning janubi-sharqida joylashgan hamda 70,5 ming kvadrat kilometr maydonni egallagan Bavariyada 12,9 million aholi yashaydi. Ushbu o‘lka federativ respublikaning maydon bo‘yicha eng yirik va aholi soni bo‘yicha ikkinchi sub'yektidir.
Bugungi kunda Bavariya mamlakatning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Bavariyaning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 600 milliard yevroga yaqin bo‘lib, bu Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlardan aksariyatining ko‘rsatkichlaridan yuqori. Germaniyada ishlab chiqarilayotgan avia va aerokosmik texnikaning qariyb yarmi, to‘qimachilik mahsulotlarining 43 foizi, elektronika tovarlarining 27 foizi, mashinasozlikning 18 foizi, metallurgiya mahsulotlarining 12 foizi ushbu federal o‘lka hissasiga to‘g‘ri keladi.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Markus Zyoderni Germaniya Xristan-sotsial ittifoqi raisi etib saylangani bilan tabriklab, uning ushbu yuksak martabadagi faoliyati ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ko‘maklashishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi.
Prezidentimiz Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayyer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar davomida o‘zaro anglashuvga erishilgani va hamkorlik loyihalari qo‘llab-quvvatlanganini ta'kidladi.
Germaniya bilan munosabatlar an'anaviy ravishda ilg‘or va ko‘p tarmoqli xususiyatga ega bo‘lib, hamkorlik sohalarining keng ko‘lamini qamrab oladi. Xususan, ikki davlat o‘rtasida salmoqli shartnoma-huquqiy baza shakllantirilgan.
Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder Prezident Shavkat Mirziyoyevni Myunxenda ko‘rib turganidan mamnun ekanini bildirib, Germaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan hujjatlar ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilishi, savdo-iqtisodiy sohadagi samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘zaro munosabatlarning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini qayd etdi.
Mamlakatimizning Bavariya bilan munosabatlari uzoq tarixga egaligi qayd etildi. Tarixchi Shilterbergning Amir Temur huzurida bo‘lgani to‘g‘risidagi yozma xotiralari xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy aloqalar tilga olingan ilk hujjatli manbalardan biridir.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida ilg‘or nemis texnologiyalarini yanada keng joriy etishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladilar.
Madaniy-gumanitar aloqalar, oliy ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari bilan O‘zbekistonda yuqori texnologiyali korxonalar ochish, transport-logistika va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, savdo-sotiq va qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder Prezident Shavkat Mirziyoyevga Germaniya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi loyihalari va takliflariga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli biznes sheriklikdan g‘oyat manfaatdor ekanini qayd etdi.
Prezidentimiz Bavariya Bosh vaziriga Germaniya muzeylarida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiy yodgorliklari haqidagi kitob-albomni sovg‘a qildi.
Mavzuga oid
11:22 / 02.05.2024
Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti
21:36 / 01.05.2024
YeTTB O‘zbekistonda «yashil» shaharlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
09:04 / 30.04.2024
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasini tabrikladi
19:48 / 29.04.2024