Mirziyoyev Yunusoboddagi tajribani shaharning boshqa tumanlarida ham tatbiq etish bo‘yicha topshiriq berdi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni 2019 yilda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga oid ma'lumotlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent iqtisodiyotiga doir yana bir yangilik – Sergeli tumanida 100 gektardan ziyod hududda Yevropa standartlari bo‘yicha zamonaviy industrial texnoparkni ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning investorlar uchun qulayligi shundaki, barcha bino-inshootlar to‘liq tayyor holda topshirilib, zarur infratuzilma bilan ta'minlanadi.
Bugungi kunda texnoparkni loyihalash ishlari boshlab yuborilgan, hozirdanoq 85 foiz yer tadbirkorlarga ajratib berilgan. Bu yerda 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.
Mutasaddilarga texnoparkni tezroq ishga tushirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Toshkent shahrida kommunal xizmatlar sifatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish masalalariga ham e'tibor qaratildi. Xususan, Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimini tajriba tariqasida professional boshqaruv kompaniyalariga o‘tkazish loyihasi haqida ma'lumot berildi.
Yunusobod tumanida 1 ming 212 ta ko‘p qavatli uy bor. Rejaga ko‘ra, ushbu uylarga xizmat ko‘rsatish professional boshqaruv kompaniyalariga beriladi. Buning natijasida tizimdagi moliyaviy holatni sog‘lomlashtirish, muammoli kreditlarni hal etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga erishish ko‘zda tutilgan. Shunday bo‘lgach, aholi murojaatlari bilan ishlash ham yaxshilanadi, tun-u kun ishlaydigan avariya-dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident ko‘p qavatli uylarning holati, odamlarning roziligi bu tizimga bog‘liq ekanini ta'kidlab, ushbu tajribani shaharning boshqa tumanlarida ham tatbiq etish, sohaga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Toshkent shahrida zamonaviy uylar, mehmonxonalar, ta'lim va tibbiyot muassasalari hamda boshqa inshootlar barpo etish, issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish, kommunal xizmatlar boshqaruv markazini tashkil etish loyihalari yuzasidan ham tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident korxonalarning o‘z mablag‘ini yana aylantirib, faoliyatini rivojlantirishga rag‘batlantirish kerakligi haqida aytgandi.
Mavzuga oid
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024