O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligining 2019 yil 7 yanvardagi “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2019-5, 2-sonli qaroriga asosan soliq hisobotlarining yangi shakllari tasdiqlandi.

Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabariga ko‘ra, 2018 yil yakunlari bo‘yicha taqdim etiladigan soliq hisobotlari Adliya vazirligida 2013 yil 22 martda 2439-son bilan ro‘yxatga olingan soliq hisoboti shakllarida davlat soliq xizmati organlariga topshiriladi.

2019 yil 1 yanvardan keyingi hisobot davri uchun esa barcha soliq turlari bo‘yicha yangi soliq hisoboti shakllari asosida taqdim qilinadi.

Hisobot shakllaridagi asosiy o‘zgarishlar xususida quyida to‘xtalib o‘tamiz:

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha soliq hisoboti shakllari soddalashtirildi

2018 yil uchun amalda bo‘lgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i hisob-kitobi soddalashtirilib, 37 qator va 16 ta ilovadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi hisob-kitob shakli 18 qator va 8 ilovaga, ya'ni 2 barobarga kamaytirildi.

Xususan:

1-ilova (Notijorat tashkilotlarining boshqa daromadlari), 2-ilovasi (Ijara haqining eng kam stavkalaridan kelib chiqib, shartnomada belgilangan ijara haqi miqdoridan oshgan summasi), 9-ilovasi (Mahalliylashtirilayotgan mahsulotni realizatsiya qilishdan olingan foyda hisob-kitobi), 11-ilovasi (Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan rentabellik darajasini aniqlash ma'lumotnoma-hisob-kitobi),12-ilovasi (Eksport ulushiga qarab foyda solig‘i stavkasiga tuzatish kiritish), 13-ilovasi (Nogironlar mehnatidan foydalanadigan korxonalar uchun foyda solig‘ining tuzatish kiritilgan summasi), 14-ilovasi (Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i qo‘shimcha summasining hisob-kitob-ma'lumotnomasi) bekor qilindi.

To‘lov manbaida dividend va foizlar tarzidagi daromadlardan ushlab qolingan soliqning hisob-kitobi 2018 yilda yuridik va jismoniy shaxslar uchun alohida bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yil uchun soddalashtirilgan variantda yuridik va jismoniy shaxslardan to‘lov manbaida ushlab qolingan soliq hisob-kitobi birlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiradigan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan to‘lanadigan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining hisob-kitobida soliq imtiyozlari asoslarini ko‘rsatib berish uchun yangi “Imtiyozlar” ilovasi qo‘shildi.