Venesuela o‘rta asrlar darajasida qashshoqlashib ketgan, mamlakat iqtisodi xarobaga aylangan, aholi uchun oziq-ovqat mahsulotlari yetishmay qolgan. Millionlab kishilar vatanni tashlab, xorijga ketishgan. Lotin Amerikasi tarixida bu qadar chuqur inqiroz hech bir mamlakatda kuzatilmagandi. Lekin bu inqirozni na urush va na tabiat hodisalari keltirgan.

Bu inqiroz Ugo Chaves hamda uning izdoshi Nikolas Maduroning siyosati oqibatlaridir. Ular sotsialistik inqilob shiorlari ostida badavlat kishilarni va yer osti boyliklarini talon-toroj qilishdi. 2013 yili Chaves ajali yetib vafot etdi, ammo uning partiyadoshi Maduro ishni davom ettirdi, 2019 yil boshida u barcha noroziliklarga qaramasdan ikkinchi muddatga, yana 6 yilga prezidentlikka saylanganini e'lon qildi.

Ikki prezident ham pul zarb qilish hajmini oshirishdi, ularning davrida xususiy mulklarni tortib olish odatiy holatga aylandi, davlat narxlarni istagancha belgiladi, yuqori doiradagilar xorijga milliardlab dollarni olib chiqib ketishdi. Ular neft ortidan keladigan barcha daromadlarni to‘lig‘icha o‘zlashtirishdi. Ular neft sanoatini xarob qilishdi, mamlakatni bo‘shatib qo‘yishdi, inflatsiyaning yillik ko‘rsatkichini 2 million barobarga chiqarishdi, mahalliy valuta butunlay qadrsizlandi.

Ular o‘zga fikrlilarga va erkin matbuotga qarshi kurash olib borishdi, har qanday namoyishlar shafqatsizlik bilan bostirildi. Maduro muxolifatni deyarli butkul chekladi, 2017 yilda o‘zi uchun alohida parlament tuzib oldi. 2018 yil mayida o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozondi, muxolifat uning natijalarini boykot qildi, G‘arb va Lotin Amerikaning asosiy davlatlari bu jarayonni «sahna tomoshasi» deb atashdi.

Ayni vaqtda 56 yoshda bo‘lgan Maduroning inauguratsiya marosimi xorij davlatlari tomonidan inkor etildi. Faqat Xitoy, Turkiya, Eron va Rossiya kabi o‘nga yaqin davlatning vakillarigina marosimda hozir bo‘lishdi. O‘tgan yilda Kreml Karakasga iqtisodiy maslahatchilarni yuborgandi, keyinroq Tu-160 rusumli strategik bombardimonchi samolyotlar yo‘llandi.

O‘zi qashshoq bo‘lsa-da, avtoritar va armiyasi kuchli bo‘lgan Venesuela - qo‘shni davlatlar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i. Maduro ikkinchi muddatida ham tashqi siyosati orqali yangi muammolarni tug‘dirishi tayin. Ichkaridagi inqiroz tufayli yana millionlab venesuelaliklar qo‘shni davlatlarga yo‘l olishga majbur.

Venesuelalik muhojirlar har tomonga ketishadi, AQShda, Kanadada, Meksikada, Braziliyada, Karib havzasidagi orol-davlatlarda, Nikaragua, Panama va Kosta-Rika,  Kolumbiya, Ekvador, Peru, Trinidad va Tobago kabi o‘zi ham qashshoq davlatlarda venesuelalik qochqinlar va muhojirlar qo‘nim topishgan.