26 yanvar kuni BMT Xavfsizlik kengashi Venesueladagi vaziyatni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. 

Kutilganidek, yig‘ilishda davlatlar ikki pozitsiyaga ajraldi: G‘arb davlatlari Venesuelada muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilishi kerakligini ta'kidladi, Rossiya va Xitoy esa vaziyatga aralashish uchun asos yo‘qligini iddao qildi.

BMT XK yig‘ilishida so‘z olgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo barcha tomonlarni Maduroning «mafiya rejimi»ni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirgan.

Foto: Mayk Pompeo

«Kim qaysi tomondaligini tanlash vaqti keldi. O‘yin tugadi, endi hech qanday kechiktirish yo‘q», degan Pompeo.

AQSh Davlat departamenti rahbari aynan Maduro Venesuelani og‘ir ahvolga keltirib qo‘yganini aytib o‘tgan. Unga javoban Rossiya vakili bu mamlakatning ichki ishlariga aralashish, vaziyatni yanada izdan chiqarishi mumkinligidan ogohlantirgan.

«Venesuela dunyodagi tinchlikka va xavfsizlikka tahdid solayotgani yo‘q. Agar shunday vaziyat yuzaga kelsa ham, bu Qo‘shma shtatlar va uning ittifoqchilarining bu mamlakatning qonuniy prezidentini (Nikolas Maduro) ag‘darishga qaratilgan harakatlari oqibati bo‘ladi», degan RFning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya.

Foto: Nikolay Nebenzya

BMT Xavfsizlik kengashi a'zolariga Yevropa Ittifoqi davlatlarining Maduroga ultimatumi ifodalangan bayonot ham taqdim etildi. Unda yaqin haftalar ichida Venesuelada muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilmasa, Yevropa davlatlari muxolifatchi Xuan Guaydoni qonuniy prezident sifatida tan olishi bildirilgan.

BMT XKning favqulodda yig‘ilishidan bir necha soat oldin Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya hukumati vakili Martin Fuls hamda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jyeremi Hant tomonidan 8 kun ichida Venesuelada «adolatli, erkin va shaffof» saylovlar o‘tkazilmasa, Xuan Guaydo mamlakatning yangi prezidenti sifatida tan olishi ma'lum qilingandi.

«Ispaniyaning Lotin Amerikasi oldida o‘ziga xos mas'uliyati bor... biz qaysidir hukumatni o‘zgartirish yoki ag‘darish niyatida emasmiz, faqat Venesuelada erkin saylovlar bo‘lib o‘tishi va demokratiya o‘rnatilishini istaymiz», deyilgan Ispaniya bosh vaziri bayonotida.