Xalq bilan muloqot bugun davlat idoralari ijro hokimiyatining eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Maqsad bitta, u ham bo‘lsa — xalq dardini tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish va muammolarini o‘z vaqtida hal etishdir. Bu esa xalq manfaati barcha narsadan ustun, deganidir.

Ammo Kun.uz tahririyatiga kelgan murojaatlarni o‘rganish davomida barcha hududlarda ham xalq bilan muloqot yetarlicha olib borilmayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Jumaboy» mahallasidan istiqomat qiluvchi Dilrabo Tursunovaning murojaatini o‘rganar ekanmiz, uning muammolari tuman mutasaddilari e'tiboridan chetda qolganligiga amin bo‘ldik.

Dilrabo Tursunova 1991 yil tug‘ilgan. 2009 yil turmushga chiqqan. Ayni vaqtda to‘rt nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan olis qishloqdagi abgor uyda yashab kelmoqda. Turmush o‘rtog‘i va o‘zi ishsiz. Oila biror daromadga ega emas. Ajablanarlisi, Dilrabo Tursunovaning hanuzgacha fuqarolik pasporti yo‘q. Hattoki, turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohdan o‘tmagan, shar'iy nikoh asosida yashamoqda.

2010 yil tug‘ilgan katta farzandida tug‘ilganlik guvohnomasi mavjud. Ammo qolgan farzandlarida tug‘ilganlik guvohnoma yo‘q. Shu tufayli 2011 yilda tug‘ilgan ikkinchi farzandi maktabga qabul qilinmagan. Ayni vaqtda katta farzandi ham oilaviy qiyinchiliklar tufayli maktabga bormayapti. Oila shunday muammolar girdobiga tushib qolgan.

«Amallab kun kechiryapmiz. Erta turmushga chiqqanimdan keyin fuqarolik pasporti olishga qurbimiz yetmadi. Shu vaqtgacha ham imkoniyatimiz bo‘lmadi. Erim hech joyda ishlamaydi. U yoq-bu yoqda vaqtincha ishlab topib kelgani bolalarimizni boqishdan ortmaydi», – deydi Dilrabo Tursunova.

Oila ayni vaqtda beshinchi farzandni kutmoqda ekan. Ularning yashash sharoiti bilan tanishdik. Uy xaroba ahvolda. Hattoki, elektr simi ham o‘tmagan. Sham yorug‘ida kun kechirishar ekan. Jajji bolalar televizor ko‘rishdan ham mahrum ekan. Yog‘ingarchilik kunlari haminqadar turgan uyning tomidan chakka o‘tar ekan.

Ota ham, ona ham sog‘lom. Nega oila bunchalik og‘ir ahvolga tushib qolishdi? Axir, oila boshlig‘i biror ishning boshini tutib, daromad topib, bu muammolarni hal qilsa bo‘lardi-ku?!