Venesuelada Nikolas Maduroni hokimiyatdan ketkazish uchun jiddiy urinish davom etmoqda. Bu davlatda ro‘y berayotgan jarayon ayni vaqtga kelib jahon hamjamiyatini ikkiga bo‘lib yubordi, bir tomon Maduroni ketkazib, mamlakatda demokratiya o‘rnatishni maqsad qilgan bo‘lsa, ikkinchi tomon bu urinishni G‘arb tomonidan tayyorlangan navbatdagi rangli inqilob sifatida baholamoqda.

Nimalar bo‘lib o‘tdi?
23 yanvar kuni Karakasda davom etayotgan mitinglar vaqtida Milliy assambleya spikeri, 35 yoshli muxolif siyosatchi Xuan Guaydo o‘zini o‘tish davri prezidenti sifatida e'lon qildi. Bir necha daqiqa o‘tib uni AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning yangi prezidenti sifatida tan oldi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Maduroni hokimiyatni Guaydoga topshirishga chaqirdi.

Guaydoni birin-ketin Kanada, Braziliya, Paragvay, Peru, Kolumbiya, Chili, Ekvador, Kosta-Rika, Honduras, Gvatemala, Argentina, Gruziya, Albaniya, Ukraina, Daniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya va Isroil kabi davlatlar yangi prezident sifatida tan oldi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini ham Yevroittifoq Guaydo hukumatini tan olishga tayyorligini bildirdi. YeI sakkiz kun muddat ichida Venesuelada muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazish borasida ultimatum qo‘ydi (Yevropa kengashi rahbari Donald Tusk ham o‘z tvitterida «demokratik kuchlar»ni – ya'ni, Guaydoni qo‘llab-quvvatladi).

Rossiya, Xitoy, Turkiya, Meksika, Kuba, Boliviya, Eron, Nikaragua, Salvador, Urugvay, Suriya, Gretsiya va Belarus kabi davlatlar Maduroni yoqlab chiqishdi.

Maduro ro‘y bergan hodisalarda AQSh hukumatini aybladi va bu davlat bilan diplomatik munosabatlar uzilganini e'lon qilib, amerikalik diplomatlarga Venesuelani tark etish uchun 72 soat muddat berdi. Bu vaqtda esa Guaydo xorij davlatlarini Maduroning talablariga e'tibor qilmaslikka chaqirdi. AQSh Davlat departamenti bu talabni noqonuniy deb topdi. Venesuela Mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes Maduroni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va namoyishchilarni davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi.

Mamlakatda bir haftadan buyon ommaviy namoyishlar davom etmoqda, mitingchilar armiya va politsiya vakillari bilan to‘qnashmoqda, o‘tgan vaqt ichida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi, yuzlab kishilar qo‘lga olindi.

Bo‘linish
Armiya hozircha Maduro tomonda, lekin o‘tgan yillar davomida harbiylar bir necha marta unga qarshi isyon ko‘tarib, davlat to‘ntarishi amalga oshirishga uringandi (harbiylar o‘tgan yili ikki marta uning hayotiga suiqasd qilishgan, joriy yilning 21 yanvarida esa navbatdagi davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lib o‘tgandi). Aholi Maduroni qo‘llab-quvvatlamasligi aniq (o‘tgan yil mayidagi saylovlarda u 68 foiz ovoz olib, g‘alaba qozongani e'lon qilingan bo‘lsa-da, bu raqam ishonarsiz) – mamlakatda yuzaga kelgan iqtisodiy va gumanitar halokat bir necha yildan buyon aholining noroziliklariga sabab bo‘lib kelmoqda. Giperinflatsiya (o‘tgan yilda 2 million foiz), ishlab chiqarish to‘xtab qolgani, ishsizlik, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar tanqisligi – bular barchasi vaziyatni og‘irlashtirishda davom etmoqda.