O‘zbekiston | 09:44 / 29.01.2019
23826
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Artur Trofimovni Qozog‘istonga ekstraditsiya qildi

Foto: Bild/ Matt Observe

O‘zbekiston Artur Trofimovni Qozog‘istonga ekstraditsiya qildi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi saytida xabar berilgan.

«Qo‘lga olingan shaxs 2005-2009 yillarda «BTA Bank» AJdan juda ko‘p miqdorda pul mablag‘larini o‘zlashtirish, ularni legallashtirish (yuvish), shuningdek, uyushgan jinoiy guruh tashkil etish hamda boshqarishda gumonlanmoqda», - deyiladi xabarda.

Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasidan ta'kidlanishicha, Trofimov o‘zbekistonlik hamkasblar bilan kelishilgan harakatlar tufayli ekstraditsiya qilingan.

Rossiya IIV huzuridagi Tergov qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2006-2008 yillarda Qozog‘istonning «BTA Bank»i sobiq rahbari Muxtor Ablyazov o‘ziga tegishli bo‘lgan «Yevraziya» va «Yevraziya Logistik» MChJ orqali bankdan boshqa kompaniyalar tomonidan kredit olinishini tashkil qilgan, ularni keyinchalik qaytarish rejalashtirilmagan. Tergov versiyasiga ko‘ra, «BTA Bank»ga jami 4,5 milliard dollarlik zarar yetkazilgan. Artur Trofimov o‘shanda «Yevraziya Logistik» direktorlar kengashi raisi bo‘lgan.

Trofimov qanday qilib O‘zbekistonga kelib qolgani va bu yerda nima bilan shug‘ullangani haqida ma'lumot yo‘q. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid