Jahon | 15:13 / 31.01.2019
23700
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik deputat: O‘zbekiston Kosonsoy suv ombori bo‘yicha xarajatlarni qachon moliyalashtiradi?

Foto: Akipress

Qirg‘izistonning «Respublika — Ata-Jurt» partiyasidan deputat Azizbek Tursunboyev O‘zbekiston Kosonsoy suv ombori bo‘yicha xarajatlarni qachon moliyalashtirishni boshlashiga aniqlik kiritishni so‘radi, deb xabar bermoqda Akipress.

«Suv ombori bizga o‘tganiga bir yil bo‘ldi. Kim moliyalashtirishi kerak edi? O‘zbekistonmi? Bugun sizlarda hattoki qog‘ozlar ham tayyor emas», - dedi deputat 31 yanvar kuni parlament majlisida.

Mamlakat qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vaziri o‘rinbosari Janibek Karimaliyevning javob qaytarishicha, Qirg‘iziston Moliya vazirligi pul ajratgan, qo‘riqlash xizmati xodimlarining ish haqi to‘langan.

«Biz O‘zbekiston tomoniga shartnoma jo‘natdik. Lekin hali javob olmadik. Javob kelishi bilan ish boshlaymiz», - dedi vazir o‘rinbosari.

A.Tursunboyev suv omboridagi vaziyat qandayligi bilan qiziqqan. «Nima uchun masala hali hal qilinmadi?» - deya aniqlik kiritdi u. J.Karimaliyevning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat yomon. Bu masala bo‘yicha komissiya yig‘ilishi fevral oyida o‘tkaziladi.

Deputat Kenjabek Bokoyev («Respublika - Ata-Jurt») hukumatdan qo‘shni mamlakatlarga suv sotish rejalari haqida so‘ragan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari esa bunga aniq javob bermadi.

Deputat har yili Kirov suv omborini saqlash uchun qancha miqdorda pul kerak bo‘lishi haqida savol bergan. 4 mln som, deya javob qaytargan Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlari.

«Suv ombori ostida qariyb 2 ming gektar qolmoqda. Saqlash uchun shuncha pul ketadi. Men qo‘shni davlatga suvning 90 foizini bepul berayotganingizga hayronman. Fikrimcha, sizlar Suv kodeksida suvni tovar sifatida ko‘rsatishni istamaysiz. Turli o‘zgarishlar kiritasiz, ammo bu haqda emas. Suv tovar sifatida emas, balki resurs sifatida qolyapti. Biz yerni egallab, to‘g‘onni atayin qurdik», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Bunga javoban vazir o‘rinbosari Janibek Karimaliyev suvdan foydalanish sohasida davlatlararo kelishuvlar mavjudligi haqida xabar bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid