2019 yil 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun 2 yillik OVIR stikerlari berish to‘xtatildi. Buning o‘rniga fuqarolarga qulayliklar taqdim etish hamda ovoragarchiliklarga barham berish, dunyo tajribasini O‘zbekistonda ham qo‘llash maqsadida xorijga chiqish pasporti joriy qilindi. Mamlakatning o‘zida esa, bosqichma-bosqich fuqaro shaxsini tasdiqlovchi ID-kartalar tizimiga o‘tish belgilandi.

Kun.uz sayti respublika IIV tizimidagi Migratsiya va Fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarma hamda bo‘limlarida yangi xorijga chiqish pasportini berish bilan bog‘liq holat qaydarajada yo‘lga qo‘yilgani, fuqarolarga bu borada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini o‘rganmoqda. Bu borada Toshkent shahridagi dastlabki o‘rganish natijasi Kun.uz saytida joriy yilning 29 yanvar kuni e'lon qilindi.

Yangi xorijga chiqish pasportini berish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha keyingi o‘rganishlar Navoiy va Buxoro viloyatlarida olib borildi.

Navoiy viloyati

Ayni vaqtda Navoiy viloyati IIBB Migratsiya va Fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida xorijga chiqish pasportini berish bo‘yicha ishlar qizg‘in davom etmoqda.

Boshqarma binosining birinchi qavatida xorijga chikish pasportlarini rasmiylashtirish xonasi joriy etilgan. Xonada isitish, sovutish sharoitlari mavjud bo‘lib, yumshoq o‘rindiqlar va fuqarolar uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Ushbu yo‘nalishda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish uchun boshqarmaning 3 nafar xodimi biriktirilgan.

Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, xorijga chiqish pasportlarini rasmiylashtirish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish ishlari 2019 yilning 5 yanvar kunidan boshlangan. Hozirgi kunga qadar viloyatning 1000dan ziyod fuqarosidan xorijga chiqish pasporti uchun hujjatlar qabul qilingan. Shundan 200 nafarga yaqini voyaga yetmagan bolalarni xorijga chiqish hujjatlarini tashkil etadi. Ayni kunlarga qadar 164 dona yangi xorijga chiqish pasporti fuqarolarga tarqatildi.

Yangi namunadagi xorijga chiqish pasportlari rasmiylashtirilgandan keyin 10 kun muddatda tayyorlanmoqda. Boshqarmada fuqarolarning xorijga chikish pasportlarini rasmiylashtirish bo‘yicha kunlik qabuli 70-75 nafarni tashkil etadi. Tartibsiz navbatlarni oldini olish maqsadida xodimlar tomonidan murojaat etgan fuqarolarga hujjatlar tartibi va ketma-ketligi tushuntirilmoqda.