Navoiyda TATU filialini ochish taklifi berildi
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Navoiy shahrida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Navoiy filialini ochish to‘g‘risida petitsiya paydo bo‘ldi.
Qayd etilishicha, Navoiy viloyati tabiiy resurslarga boy hudud bo‘lib, viloyatda yirik sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 2008 yilda viloyatda Navoiy erkin industrial-iqtisodiy zonasi tashkil etilib, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy va Singapur kabi xorijiy hamkorlar bilan keng ko‘lamli faoliyat olib borilmoqda. Ushbu hududda joylashgan sanoat korxonalari va boshqa davlat hamda xususiy tashkilotlar faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalari keng qo‘llanilmoqda. Olib kelinayotgan texnologiyalarning ko‘pchiligi intellektual tizimlarga asoslangan, ya'ni kompyuterlar boshqaruvida ishlaydi va bu, o‘z navbatida, hududda axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarni talab qiladi.
“Shuning uchun, Navoiy shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filiali tashkil qilinsa, Navoiy va Buxoro viloyatlari yoshlari uchun zamonaviy kasbni egallashlari, natijada Respublikamiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shishga zamin yaratilgan bo‘lar edi”, - deyiladi murojaatda.
Bildirilishicha, hozirgi kunda viloyatda 2 ta oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatmoqda, bu esa viloyat salohiyatiga nisbatan juda past ko‘rsatkich hisoblanadi. Masalan, 2018-2019 o‘quv yili uchun ikkita oliy o‘quv yurti kunduzgi bo‘limiga 20 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, shundan 2 ming 700 dan ortig‘i talabalikka qabul qilingan.
“Navoiy shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filialining tashkil etilishi natijasida Navoiy va Buxoro viloyati hududidagi sanoat korxonalarini, shuningdek boshqa tarmoqlarni axborot texnologiyalari bo‘yicha zarur mutaxassislar bilan ta'minlashga erishiladi, shuningdek ko‘pgina iqtidorli yoshlar oliy ta'lim muassasasiga qamrab olinadi. Shu sababdan, mazkur filial ochilishini qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman”, - deb yozadi petitsiya muallifi.
Mavzuga oid
13:31
Buxoro va Navoiyda saksovullarni sindirganlarga 43 mln so‘m jarima belgilandi
12:01 / 21.11.2024
Malayziya universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshiriladi
14:11 / 11.11.2024
Navoiyda Nexia va Exeed to‘qnashishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
16:52 / 07.11.2024