O‘zbekiston | 09:56 / 24.04.2026
1943
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat markazlari hokimliklar tizimiga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasini boshqarish tizimini takomillashtirish doirasida madaniyat markazlari faoliyatini mahalliy darajaga yaqinlashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Prezident qaroriga (PQ–150-son, 2026 yil 21 aprel) ko‘ra, Madaniyat vazirligi tizimidagi madaniyat markazlari bosqichma-bosqich tuman (shahar) hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladi.

Hujjatda belgilanishicha, madaniyat markazlari faoliyati qayta tashkil etilib, ular nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilish, havaskorlik san’atini rivojlantirish, shuningdek texnologiya, muhandislik, hunarmandchilik kabi yangi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Shu bilan birga, madaniyat markazlari faoliyatiga xususiy investitsiyalarni jalb etish va ilg‘or boshqaruv tajribalarini joriy etish maqsadida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari qo‘llaniladi. Samarasiz ishlayotgan markazlar faoliyati esa maqbullashtiriladi.

Qarorga muvofiq, madaniyat bo‘limlari faoliyati samaradorligi Madaniyat vazirligi tomonidan yuritiladigan reyting asosida baholanadi. Ushbu reyting 2027 yildan boshlab har yili yakuniy natijalarga ko‘ra shakllantirilib, unda aholini madaniy tadbirlarga qamrab olish va milliy qadriyatlarni asrash ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Eng yuqori natijalarga erishgan madaniyat bo‘limlari davlat budjeti hisobidan rag‘batlantirib boriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish