O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni Germaniya, Fransiya, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, qabul qilingan «yo‘l xarita»larini so‘zsiz ijro etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Investitsiya – iqtisodiy taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Shu bois bu masala davlatimiz rahbarining doimiy e'tiborida bo‘lib kelmoqda. 2019 yil mamlakatimizda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e'lon qilindi. Bu sohadagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashkil etildi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etib, ular asosida biznesni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilayotgani, lekin bular hali yetarli emasligi ta'kidlandi. 

– Investitsiya bilan shug‘ullanuvchi kadrlar yetishmaydi. Investorlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, mavjud infratuzilmani rivojlantirish zarur. Shu bois bu soha bo‘yicha hali yana ko‘p ishlashimiz, izlanishimiz kerak. Tashqaridan investitsiya kirmasa, mamlakat rivojlanmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning yetakchi xorijiy davlatlar bilan aloqalari jadal rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Siyosiy muloqotlar va delegatsiyalar almashuvi faollashyapti.  

Davlatimiz rahbarining xorijiy mamlakatlarga tashriflari davomida o‘zaro hamkorlik va sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgani, O‘zbekiston bilan Germaniya, Fransiya, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida umumiy qiymati 14 milliard AQSh dollardan ortiq bo‘lgan manfaatli shartnoma va kelishuvlar imzolangani qayd etildi.

Jumladan, Fransiya va Germaniya kabi nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki jahonning yetakchi davlatlari O‘zbekistonning ishonchli va istiqbolli sheriklaridan bo‘lib, tashriflar o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. 

Ushbu mamlakatlardan avvalo, zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar, ilg‘or tajriba va boshqaruv menejmentini yurtimizga jalb etish eng ustuvor vazifadir.

Investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha bitim va kelishuvlarning bajarish muddati, mas'ul idoralar va shaxslar «yo‘l xarita»larida aniq ko‘rsatilgan.

Davlatimiz rahbari xalqimiz farovonligiga xizmat qiluvchi istiqbolli loyihalarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish zarurligini ta'kidladi.