Kelasi haftadan Chempionlar Ligasida pley-off o‘yinlariga start beriladi. Kuchli beshlikda esa, o‘yinlar qizg‘in pallaga kirmoqda. Mavsumning eng muhim pallasiga kirib borayotgan top-klublar yana bir bor o‘zlarini imtihondan o‘tkazib olishadi. Keyingi xatolar qiymati esa, ancha yuqori bo‘lishi tayin.

BORUSSIYa D – HOFFeNHAYM (9 fevral, 19:30)

Foto: Reuters

Dortmundliklar 20 turdan keyin 49 ochko jamg‘arishgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat 2010/11 yilgi mavsumdan 1 ochko kam natija ko‘rsatishyapti, xolos. O‘shanda Klopp boshchiligidagi «Borussiya» mamlakat chempioni bo‘lgandi. Umuman, Bundesligada 20 o‘yindan keyin 49 va undan ko‘p ochko jamg‘argan jamoalar doim chempion bo‘lishgan.

Umuman, Lusen Favr shogirdlari juda barqaror yurish qilishmoqda – mavsumda atigi bir mag‘lubiyat, so‘nggi 6 o‘yindan 5 g‘alaba, ashaddiy raqib «Bavariya» bilan o‘rtadagi farq 7 ochkoni tashkil qilmoqda. Bu seriyani davom ettirish uchun navbatdagi raqib ham dog‘da qoldirilishi kerak.

«Hoffenhaym» ancha jiddiy raqib, har holda Chempionlar Ligasi ishtirokchisi. Hozirda kuchli to‘rtlikdan uzoqroqda bo‘lsa-da, alohida o‘yinlarda har qanday raqibga munosib qarshilik ko‘rsata oladi. Xususan, jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvida, «qishloqliklar» hisobda oldinda borishgan va faqat o‘yin oxirlarida Dortmund mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi. Shuningdek, «Hoffenhaym» safardagi o‘yinlarda yetti o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramayotganini ham ta'kidlash lozim.

Mezbonlar ustozi hali ham Manuel Akanji xizmatlaridan foydalana olmaydi. Shuningdek, Tomas Delayni, Marsel Shmelser, Leonardo Balerdi, Marvin Hits kabi futbolchilar ham maydonga tusha olmaydi. Marko Roys, Sancho va Pishchekning ham maydonga tushishi so‘roq ostida. Kelasi hafta Chempionlar Ligasidagi muhim o‘yinni e'tiborga olib, murabbiy ularning holati bilan tavakkal qilmasa kerak. Hoffenhaymliklar esa, Dortmundga tizzasidan jarohat olgan Lukas Ruppsiz tashrif buyurishdi. Lukkas Ribeyro esa, Braziliyaga, 21 yoshlilar o‘rtasidagi qit'a chempionatiga yo‘l olgan.

ATLeTIKO – ReAL MADRID (9 fevral, 20:15)

«Barselona»ning «qoqilishidan» «Atletiko» foydalana olmadi va peshqadamga yaqinlashib olish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi. «Betis» maydonida mag‘lubiyatga uchragan Simeone shogirdlari uchun bu so‘nggi 5 oyda La Liga o‘yinlarida ilk mag‘lubiyat edi. «Barselona» uzoqlashibgina qolmay, «Real» ham pastdan yaqinlashib kelmoqda va agar bu safar ham «Atletiko» mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, uchinchi o‘ringa tushib ketadi.