Ikki murabbiy bir-birining rejasini buzish bilan band bo‘ldi - bundan boshqa reja yo‘q edi.
Ispaniya chempionati. Liga 1. 7-tur
«Atletiko» — «Real» — 0:0
«Atletiko» (Madrid): Oblak, Tripper, Savich, Ximenes, Lodi (Lemar, 61), Vitolo (Korrea, 46), Saul, Koke, Partey, Diyegu Kosta, Joau Feliks (Lorente, 70).
«Real» (Madrid): Kurtua, Karvaxal, Serxio Ramos, Varan, Nacho, Kazemiru, Kroos, Valverde (Modrich, 68), Beyl, Benzema (Yovich, 88), Azar (Xames Rodriges, 77).
Ogohlantirishlar: Nacho, 22. Varan, 69. Partey, 90+3.
Hakam: Gonsales Gonsales.
28 sentabr. Madrid. «Vanda Metropolitano» stadioni.
7:3 hisobidan 2 oy o‘tib

Bu o‘yinda g‘olib chiqish - ikki jamoa uchun ham birinchi o‘rinni egallash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibni bir necha ochkolik farq bilan ortda qoldirish imkonini berardi. «Atletiko» g‘alaba qozonsa «Real»dan 2 ochko oldinda bo‘lar, «Real» g‘alaba qozonsa birinchi va ikkinchi o‘rin orasidagi farq 3 ochkoni tashkil etardi. Shu bilan birgalikda, durang o‘ynashning ham u qadar zarari yo‘q edi: birinchi va ikkinchi o‘rinni egallab turgan bu jamoalar orasidagi minimal farq saqlanib qolardi.
Qiziq, bu murabbiylardan qaysi biri — Diyego Simeone yoki Zinedin Zidan — mavsumdagi birinchi derbi oldidan o‘z futbolchilari xotirasidan shu yil 27 iyulida Amerikaning Ist-Ruterford shahrida Xalqaro chempionlar kubogi doirasida bo‘lib o‘tgan o‘yinni o‘chirib yuborishni istagan ekan? O‘shanda «Atletiko» 7:3 hisobida g‘alaba qozongani, tanaffusga qadar 5:0 hisobi qayd etilgani, o‘yinda poker qayd etgan Diyego Kostaning yakunda maydondan chetlatilishi — bu barcha uchun aqlbovar motivatsiya manbai edi. «Matraschilar» uchun — o‘z kuchlari va imkoniyatlariga ishonch, «Real» uchun — qasos olishga intilish ishtiyoqi. Ikki oy oldingi o‘yin shunchaki o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida bo‘lgani muhim emas.
«Real» mavsum boshida eng ko‘p tanqidga uchrayotgan top-klubdir, ammo aynan shu jamoa 6 turdan keyin turnir jadvalini boshqarib turayotgandi. To‘g‘ri, o‘z vaqtida bu klubni chempion qilgan Fabio Kapello tomoshabop o‘yin ko‘rsatmagani uchun iste'foga chiqarib yuborilgandi. Ammo Joze Mourino qaytishi haqidagi va yetakchi futbolchilarning bosh murabbiyga ishonchi so‘ngani haqidagi mish-mishlarga qaramay, Zidanga jiddiy e'tiroz bildirishga asos yo‘q.
















