Bugun qishki transfer oynasining so‘nggi kuni, klublar so‘nggi transferlarini amalga oshirish uchun muzokaralarni davom ettirmoqda, har daqiqada yangi yangi futbol xabarlari chiqib turishi tabiiy. Zeriksangiz, o‘sha eski ishingizni qilishingiz va e'tiboringizni maydonga, navbatdagi tur o‘yinlariga qaratishingiz ham mumkin.

LeSTeR – CheLSI (1 fevral, 17:30)

Hozircha kuchli to‘rtlikdan ancha mustahkam joy olgan, ammo yuqoriroq o‘rinlar uchun imkoniyat deyarli yo‘q bo‘lgan ikki jamoaning o‘zaro to‘qnashuvi juda qiziq kechishi shubhasiz. Ushbu mavsum «Chelsi» uchun ham, «Lester» uchun ham o‘xshash kechmoqda – uzoq vaqt juda sifatli o‘yin ko‘rsatishdi, deyarli kamchilik yo‘q, murabbiylar bor imkoniyatlardan maksimal foydalanayotgandek tasavvur uyg‘otishdi. Keyin esa, turli sabablar bilan muammolar ko‘zga tashlanib qoldi, natijalar beqarorlashdi. Faqatgina quyidagi jamoalarning yanada omadsiz o‘yinlari tufayli ular hali ham yuqori o‘rinlarda ketishyapti, xolos. Zero, har ikki jamoa ham APLdagi so‘nggi 10 o‘yinning yarmida mag‘lubiyatga uchradi.

«Lester»ning muvaffaqiyatsiz davrini ko‘proq tayanch yarimhimoyachisi Vilfred Ndidining jarohati bilan bog‘lashgandi. U qaytgach, «Vest Hem» ustidan ishonchli g‘alabaga erishildi. Tarkib borasida mezbonlarda endi jiddiy muammolar yo‘q. «Chelsi»da esa Temmi Abraham maydonga tusha olmasa kerak. Shuningdek, Pulishich, Jyeyms, Loftus-Chik kabi futbolchilar garchi asosiy tarkibning ajralmas vakillari bo‘lishmasa-da, ularning yo‘qligi Lempardning variantlarini kamaytirishi shubhasiz.

Birinchi davradagi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgandi. Umuman, bu jamoalarning oxirgi to‘rt to‘qnashuvining uchtasida durang qayd etilgan, ikki o‘yinda hisob ochilmagan. Oxirgi uch yilda ham APL, ham kubok doirasidagi o‘yinlar yo durang yoki minimal hisobda yakun topyapti. Demak bu safar ham keskin, murosasiz bahsni kutsak bo‘ladi.

Darvoqe, «Lester» seshanba oqshomida Liga Kubogi yarim finalida maydonga tushdi. «Aston Villa»ga qarshi o‘yin 120 daqiqa davom etganini e'tiborga olsak, jismoniy tarafdan «Chelsi»da yaxshiroq imkoniyat hosil bo‘lishi ham mumkin.

ReAL – ATLeTIKO (1 fevral, 20:00)

«Real» doimiy bahorgi sport formasiga kirib kelishda davom etyapti. Zidan shogirdlari so‘nggi marta uch oy oldin «Malorka»ga yutqazishgandi, shundan beri 20 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya davom etmoqda. Bundan tashqari, tarkib borasida «Real» Yevropaning tengsiz jamoasiga aylanayotganiga ham e'tibor bering. Hozir Zidan qo‘l ostida to‘rt toifa yarim himoyachilar bor. Birinchi toifaga saviyali, lekin yozda jamoa qutulmoqchi bo‘lgan Xames, Beyl, Isko kabi futbolchilar kiradi. Ikkinchisi, ketadiganlar o‘rniga sotib olingan yoki imkoniyat berilishi kerak bo‘lgan yulduzlar – Azar, Asensio, Vinisius, Rodrigo. Uchinchisi, kutilmaganda porlab, jamoaning asosiy kuchiga aylanib borayotganlar, masalan, Valverde. Shuningdek, jamoa o‘zagini tashkil qilayotgan eski futbolchilar – Kroos, Modrich, Kazemiro.