Jahon | 14:00 / 10.02.2019
27002
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuela armiyasi polkovnigi Guaydoni prezident sifatida tan oldi

Venesuela Qurolli kuchlarining quruqlikdagi qo‘shinlari polkovnigi Ruben Alberto Pas Ximenes muxolifatchi Xuan Guaydoni davlatning muvaqqat prezidenti sifatida tan oldi.

U YouTube portalida MS2 Noticias kanali orqali videomurojaat yo‘llagan hamda Guaydo mamlakatning yangi rahbari hamda Venesuela Qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni sifatida tan olib, uni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilgan. U barcha harbiylarni AQShning Kolumbiya orqali jo‘natgan gumanitar yordamini o‘tkazib yuborishga chaqirgan. 

«Kelinglar dovyurak bo‘laylik, kelinglar qo‘rqmaylik. Harbiylarning 90 foizi mavjud vaziyatdan norozi. Soldatlar Maduroni hukumatda tutib turishda foydalanilmoqda», - degan polkovnik.

Bundan avvalroq Venesuela Harbiy-havo kuchlari generali Fransisko Esteban Yanes Rodriges ham Guaydoni mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi deb tan olib, muxolifat tomonga o‘tgandi.

Venesueladagi qo‘shhokimlik
23 yanvar kuni Venesueladagi muxolifatchilar yetakchisi Xuan Guaydo o‘zini vaqtinchalik prezident sifatida e'lon qilgandi. Uni darhol AQSh, Kanada, Lotin Amerikasining aksar davlatlari hamda Yevropa Ittifoqi vakillari yangi prezident sifatida tan olishdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa Venesuela bilan munosabatlarda harbiy ssenariy ham bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

Yanvar oyi oxirida Guaydo harbiylar bilan muzokaralar o‘tkazayotgani to‘g‘risida xabarlar berilgandi.

 

Mavzuga oid