Advokat o‘z hamkasblari, Advokatlar palatasi va Bosh prokuratura xodimlariga Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali qilgan murojaatida, shaxsiy qabul uchun bosh prokurorga minnatdorchilik bildirdi va barcha advokatlarni bu imkoniyatdan foydalanishga chaqirdi, deb yozmoqda Advokatnews.
“O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorining zimmasidagi ish hajmidan kelib chiqib, u tergov va surishtiruv organlari mansabdorlari yoki sudlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik harakatlari ustidan qilgan shikoyatlari bo‘yicha advokatlarni qabul qilishga imkon topa olmaydi deb hisoblagan edim”, — deydi o‘z murojaatida advokat A.S.Pashkovskiy.
Qayd etilishicha, aslida bunday emasligi ma'lum bo‘lgan. Ushbu advokat 2019 yil boshida dastlabki tergov va tergov hibsxonasi mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan bir necha marotaba protsessual shikoyatlar bergan. Shunga ko‘ra 2019 yilning 8 fevral kuni bosh prokuror Otabek Murodov uni o‘zining qo‘l ostidagi rahbar xodimlari bilan birgalikda shaxsan qabul qilib, shikoyat maqsadini diqqat bilan eshitgan hamda ayrim o‘rinlariga aniqlik kiritib olgan.
“Shundan so‘ng, shikoyat qilingan huquq-tartibot organlari mansabdor shaxslariga nisbatan zudlik bilan tegishli choralar ko‘rilishi to‘g‘risida qabulda ishtirok etayotgan vakolatli xodimlariga ko‘rsatma berdi. Ularning zimmasiga advokatlarning kasbiy faoliyatiga doir huquqlari buzilishi bo‘yicha tushgan har qanday shikoyatlari haqida bosh prokurorga shaxsan hisobot berish va ularni zudlik bilan o‘rganib chiqib, aybdorlarga nisbatan jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘rish vazifalarini yukladi. Shuningdek, Bosh prokuror shu paytdan boshlab advokatlarning kasbiy huquqlari o‘z nazoratida bo‘lishiga va unga rioya etilmasligi yuzasidan xavotirga o‘rin yo‘qligiga meni shaxsan ishontirdi”, - deb yozadi advokat.
Ma'lumot uchun: joriy yilning 30 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi saytida advokatlarning kasbiy faoliyatlariga daxl qilinishi yuzasidan o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma asosida tayyorlangan ma'lumotnoma e'lon qilingach, avvaliga mazkur ma'lumotnoma haqidagi xabarlar, keyin esa unga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan bildirilgan munosabatlar OAVda ketma-ket yoritilgan va bu ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamaga sabab bo‘lgan edi.
Shundan so‘ng, Advokatlar palatasi saytida yana bir Xabarnoma paydo bo‘ldi. Unda, jumladan, bosh prokuror va Advokatlar palatasi raisi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tganligi ma'lum qilinib, bundan keyin advokatlarning kasbiy faoliyatlariga doir huquqlarning buzilishi bilan bog‘liq holatlar Advokatlar palatasi raisi bilan birgalikda bosh prokuror tomonidan ham shaxsan nazoratga olinishi ta'kidlandi.















