Madridda Ispaniya hukumatining Kataloniyaga nisbatan bosimni kamaytirganiga qarshi minglab odamlar namoyishga chiqishdi. Norozilik namoyishini o‘nglar partiyasi tashkil qilgan.
Kataloniyaning Ispaniyadan ajralib chiqishi imkonsiz deb hisoblaydigan «Xalq partiyasi» va «Fuqarolar» partiyasining fikricha, bosh vazir Pedro Sanchesning Kataloniya mustaqilligini talab qilayotgan separatistlar bilan muzokaralar uchun o‘rtaga odam qo‘ygani vatanga xiyonatning o‘zginasidir.

O‘nglar kabi sotsialistlar ham Kataloniya mustaqilligi borasidagi ovoz berish jarayonini qaytadan o‘tkazishni talab qilishmoqda. Namoyishchilar «Ispaniya birdamligi uchun», «Hozir saylovlar vaqti», «Yashasin Ispaniya!» yozuvlarini ko‘tarib chiqishgan. Namoyishlarda 45 ming atrofida odam qatnashgani ma'lum qilingan.
Ispaniya hukumati Kataloniyadagi separatistlar bilan muzokaralar stoliga o‘tirishi mumkinligini o‘ng kuchlar qabul qila olishmayapti. Ular 2020 yilda belgilangan saylovlarning ham oldinga surilishini talab qilishmoqda. Namoyishchilar vakili Meybl Kampuzanoning aytishicha, bosh vazir Pedro Sanches Ispaniyani sotdi va ispanlar bunday muloyim rahbarga munosib emas.

«Biz doim muzokaralarni qo‘llaymiz»
Pedro Sanches buncha gap-so‘zdan keyin jim turmadi va o‘zining Kataloniya muammosi bo‘yicha pozitsiyasini yana bir bor ochiqladi: «Bizning sotsialistlar partiyamiz doim muzokaralarni ma'qul ko‘rgan. Biz «Xalq partiyasi» hukumat tepasida turib o‘ta murakkablashtirib yuborgan mojaroni faqat shu yo‘l bilan hal qilish mumkin deb o‘ylaymiz», deydi bosh vazir.

Foto: EFE
Pedro Sanches kichik partiyalarning, jumladan Kataloniya separatistlarining ham madadiga umid qilishi sir emas. Shu sabab bosh vazir vaziyatni avvalgi hukumat kabi keskinlik bilan emas, imkon qadar demokratik yo‘l bilan hal qilmoqchi. 13 fevral kuni hukumat 2019 yilgi budjet taqsimoti borasida ovoz berish jarayonini o‘tkazadi. Agar chorshanba kuni budjet tasdiqlanmasa, bu o‘ng kuchlar talab qilayotgan 2020 yilgi saylovlar muddatidan oldin o‘tkazilishiga olib keladi. Bu taqsimot vaqtida hukumatga bitta ovoz ham suv va havodek zarur ekanini anglagan Kataloniya separatistlari Sanchesni muzokaralar stoliga o‘tirishni tasdiqlasa, uni qo‘llab-quvvatlashlarini ma'lum qilishgan.















