16:06 / 12.02.2019
13725

Marsga parvoz loyihasi bankrot deya e'lon qilindi

Foto: Forbes

Mars One loyihasi bankrotga uchradi, deya xabar beradi Forbes jurnali. Nima uchun Marsga parvoz bekor bo‘ldi?

Loyiha tijoriy Mars One Ventures va notijoriy Mars One fondini o‘z ichiga olgandi. Sud qarori vaqtiga ko‘ra, 100 million dollarga baholangan Mars One Ventures bankrotga uchradi. Engadget ma'lumotiga ko‘ra, loyihaning bor mablag‘i – Britaniya filiali hisobidagi 20 ming funt sterling. Notijoriy fond o‘z faoliyatini davom ettirmoqda, biroq qandaydir real xatti-harakatlar uchun mablag‘ga ega emas. Lansdorp muammo yechimini topishga umid qilmoqda. 

Landsportning g‘oyasi avval boshdanoq shubha uyg‘otgan edi. Loyiha 2012 yilda Niderlandiyada yo‘lga qo‘yilgan. U Mars sayyorasiga kolonistlarni bir tomon chipta bilan yo‘llashni ko‘zda tutgan. Loyihani Qizil sayyoraga ilk parvoz qilgan kishilar hayotini real vaqt rejimida namoyish qilishi ko‘zlangan TV-shoular hisobiga moliyalashtirish rejalashtirilgandi.

Biroq 2012 yilda odamlarni Marsga yetkazuvchi texnik vositalar bo‘lmagan va hatto hozir ham buning uchun zarur quvvatdagi raketalar endi ishlab chiqilmoqda. Boz ustiga, Lansdorp kosmik parvozlar va o‘zga sayyoralarni tadqiq qilish bo‘yicha mutaxassis emas, kosmik agentliklar mutaxassislarini ham loyihaga jalb qilmagan. Masalan, Ilon Mask SpaceX faoliyatini Marsga yetish uchun ko‘p millionli investitsiyalar va sovet ballistik raketalarini sotib olishga urinishdan boshlagan. Xaridning uddasidan chiqilmagach, Mask orbitaga yuk tashishni amalga oshiruvchi Falcon tashuvchisini yaratish uchun NASA’ning ko‘plab mutaxassislarini ishga yolladi. Asoschining so‘zlariga ko‘ra, raketaning ikkinchi versiyasi – o‘ta og‘ir Falcon Heavy SpaceX’ni ishlab chiqish uchun 1 milliard dollar atrofida mablag‘ sarflangan. 

Mars One o‘z faoliyati davrida 14 million dollar atrofidagi mablag‘ni jalb qildi, bu raketalar va Mars bazasini yaratish uchun yetmasligi aniq edi. Qizig‘i, Marsga ortga qaytish imkonisiz parvoz qilishga tayyor 200 nafar ko‘ngilli to‘plangan edi. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish uchun ulardan 10-40 dollardan yig‘ilgan. 

Qanday bo‘lmasin, Mars One loyihasi tarixdan joy oldi: kamida g‘aroyib ijtimoiy tajriba o‘tkazilib, Mars orzusidagi yoki yerdagi muammolardan charchagan necha kishi o‘zga sayyoraga parvozga tayyor ekani aniqlandi. Biroq Lansdorp 2020 yilda - Marsga parvozni, 2030 yilda esa u yerda joylashish imkoniga doir haqiqatdan yiroq ma'lumotlarni berib, yuz minglab ko‘ngillilar va millionlab tomoshabinlarni aldagan. 

Umuman olganda, Mars One loyihasi bankrotligi kelgusida kosmik sohaga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, chunki bunday shubhali loyihalar doim real, lekin tavakkalli missiyalarga soya soladi. 

Mavzuga oid
Top