Surxondaryoda qonunbuzar “Lasetti” yonib ketganiga ishontirish uchun bojxonachilarga pora taklif qildi
Ayrim shaxslar tomonidan o‘zlarining qing‘ir qilmishlarini xaspo‘shlash va javobgarlikdan qochish maqsadida davlat bojxona xizmati organlari xodimlariga pora berishga urinish holatlari hamon sodir etilmoqda.
Yaqinda ana shunday holatlardan biriga Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan chek qo‘yildi.
Gap shundaki, fuqaro J.F. respublikaga xorijiy avtotransport vositasi hisoblangan “Lasetti” avtomashinasini olib kirar ekan, bu jarayonda mamlakatimiz hududidan qayta olib chiqib ketish majburiyatini zimmasiga oladi. Lekin, bu majburiyatni bir zumda unutib, ushbu avtomashinani ehtiyot qismlarga bo‘laklagan holda 1700 AQSh dollariga sotib yuboradi.
Nihoyat, avtomashinaning olib chiqish muddatlari yaqinlashgan pallada esa suvdan quruq chiqish maqsadida bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga urinadi. Ya'ni, bundan bir necha yillar muqaddam yonib ketgan boshqa bir “Lasetti” kuzovini ko‘rsatgan holda davlat bojxona xizmati organlari xodimlarini ushbu avtomashinaning go‘yoki yong‘in oqibatida butunlay yonib ketganiga ishontirishga urinadi.
Tabiiyki, sinchkovlik bilan o‘tkazilgan tekshirishda uning sodir etgan huquqbuzarligi fosh bo‘lgach, ushbu shaxs vaziyatdan chiqishning boshqa yo‘llarini izlashga tushadi. Ya'ni, ushbu holatni “bosdi-bosdi” qilish uchun bojxona xodimiga 400 AQSh dollari pora taklif qiladi.
Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxs bojxona xodimiga taklif qilingan poraning 300 AQSh dollarini berayotgan vaqtida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda voqea joyida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
17:40 / 12.11.2024
Andijonda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i va kadrlar bo‘limi boshlig‘i ushlandi
17:35 / 11.11.2024