O‘zbekiston | 11:29 / 13.02.2019
18761
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishni rasman qonuniylashtirdi

Foto: ITAR-TASS

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatining IV bo‘limi quyidagi mazmundagi 85-band bilan to‘ldirildi:

“85. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish”.

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 avgustdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ro‘yxatining rus tilidagi matnida “Deystviye i (ili) opredelennaya deyatelnost, dlya soversheniya i (ili) osushchestvleniya kotoryx neobxodim dokument razreshitelnogo xaraktera’’ ustunining 68-pozitsiyasi “dobychi poleznyx iskopayemyx” so‘zlaridan keyin “staratelskoy dobychi dragotsennyx metallov” so‘zlari bilan to‘ldirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 apreldagi 315-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomning 11-bandi “j” kichik bandining ikkinchi xatboshi “foydali qazilmalarni qazib olish” so‘zlaridan keyin “qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish” so‘zlari bilan to‘ldirildi.

Qayd etilishicha, ushbu qaror 2019 yil 1 martdan boshlab kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil noyabr oyi oxirlarida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingan.

Unga ko‘ra, 2019 yil 1 martdan boshlab:

tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati joriy etiladi;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati yer qa'ridan foydalanishning alohida turi hisoblanadi va u yer qa'ri uchastkalarida amalga oshiriladi;

mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun yer qa'ri uchastkalari, shu jumladan o‘lchamlari 1 gektardan ortiq bo‘lmagan sochma oltin konlari taqdim etiladi;

yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya beriladi, bunda qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga alohida litsenziya olish talab qilinmaydi;

yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarga jismoniy va yuridik shaxslar talabgor bo‘lishlari mumkin;

litsenziya Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion yakunlari bo‘yicha 3 yil muddatga beriladi.

Mavzuga oid