Sohib aka Rahimovni juda sarson qilishyapti. U kishining «aybi» — Bosh prokuratura huzuridagi MIBning «Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK orqali savdoga qo‘yilgan ko‘p qavatli uyda joylashgan kvartirani xarid qilib, g‘oliblik dalolatnomasini qo‘lga kiritib, uyni o‘z nomiga qonuniy rasmiylashtirib olgani bo‘ldi.

Oldinga o‘tib aytamizki, Sohib aka Samarqanddagi sudlardan najot topa olmayapti. To‘qqiz puldek tushunarli narsani Samarqanddagi sudlar, sudyalar yoki tushunmayapti, yoki qonunchilikdagi kamchiliklardan foydalanib, ataylab uyushtirishayapti. Sohib aka esa juda sarson bo‘layapti… va bor umidi Oliy suddan.

O‘zi nima voqea ro‘y bergan? Keling, bir boshidan hikoya qilib beraylik.

2015 yil 25 dekabr kuni Payariq tumanida istiqomat qilib kelgan fuqaro Elmurod Toshtemirov AT «Xalq banki»ning Temiryo‘l filiali bilan uy-joy sotib olishga ipoteka krediti ajratish to‘g‘risida shartnoma imzolaydi va unga 10 yil muddatga 18 foiz stavkasida ikkilamchi bozordan — Samarqand shahri Abu Bakr Roziy ko‘chasi 17-uyning 40-xonadonini sotib olish uchun 120 million so‘m kredit ajratiladi.

E.Toshtemirovga qo‘shilib, shartnomada uning uch tanishi kafillik bildirib «qo‘shimcha qarzdor» sifatida rasmiylashtiriladi. Endi Elmurod Toshtemirovning zimmasiga har oy kredit qarzini so‘ndirib borishdek majburiyat yuklanadi. Uy esa bank tomonidan garovga olinadi.

Lekin E.Toshtemirov kredit shartnomasi shartlarida o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni buza boshlaydi. Ya'ni, kreditning asosiy qismi va foizlarini to‘lashni kechiktiradi. Bank bir necha marta E.Toshtemirovning o‘zini, shuningdek shartnomaga imzo chekkan qo‘shimcha qarzdorlarni yozma va og‘zaki ogohlantirganiga qaramasdan to‘lovlar amalga oshirilmaydi.

Savdo sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi AT «Xalq banki» Temiryo‘l filiali manfaatini ko‘zlab, fuqaro E.Toshtemirov bilan tuzilgan kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, 120 million so‘m asosiy qarz va 4 mln 760 ming so‘m foiz to‘lovi, 170 ming so‘m penya — jami 124 million 930 ming so‘m qarzni tomonlar 150 mln so‘mga baholagan va garovda turgan Samarqand shahri, Abu Bakr Roziy ko‘chasi 17-uyning 40-xonadoniga qaratish haqida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da'vo arizasi kiritadi.

Sudya N.Baratov (eslab qoling!) raisligida o‘tgan FIB Samarqand shahar sudi majlisining 2016 yil 1 avgustdagi hal qiluv qarori bilan da'vo qanoatlantiriladi: ipoteka krediti shartnomasi muddatidan avval bekor qilinadi (1), undiruv garovga qo‘yilgan kvartiraga qaratiladi (2).