O‘zbekiston | 13:07 / 20.02.2019
4428
4 daqiqa o‘qiladi

Fermerlarga buxgalteriya hisobi bo‘yicha bepul maslahatlar beriladi

Vazirlar Mahkamasining 15.02.2019 yildagi 131-son qarori bilan Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan bepul konsalting xizmatlari ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma yozmoqda

Eslatib o‘tamiz, Markazlar prezidentning 2.07.2018 yildagi PQ–3824-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan, ularning asosiy maqsadi – fermer xo‘jaliklarida hisob-kitob tizimini va bank xizmatlari ko‘rsatilishini tubdan takomillashtirish. Har bir Markaz shtati 3 birlikdan iborat: direktor, soliq va statistika hisobotlari bo‘yicha maslahatchi hamda moliyaviy hujjatlarni yurituvchi buxgalter. Bitta buxgalter 20 ta fermer xo‘jaligiga biriktiriladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan hujjat bilan Markazlar tomonidan fermer xo‘jaliklariga konsalting xizmatlari ko‘rsatish tartibini tasdiqlash vazifasi ham topshirildi. Qabul qilingan hujjatda bunday xizmatlarga quyidagilar kiritilgan:

• buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini ta'minlash;
• xodimlarning ish haqi va majburiy ajratmalarni hisoblash;
• asosiy vositalar, tovar-moddiy boyliklar, qishloq xo‘jaligi mavsumi yakunlari bo‘yicha debitorlik va kreditorlik qarzlarini xatlovdan o‘tkazish;
• soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha soliq organlari bilan birga solishtirish dalolatnomalarini tuzish va ularning o‘z vaqtida to‘lanishini tashkil etish;
• soliq, moliyaviy va statistika hisobotlarini tuzish hamda ularni tegishli organlarga taqdim qilish;
• daromadlar va xarajatlarni tahlil qilish, kelgusi yil uchun biznes-reja tuzishda amaliy yordam ko‘rsatish.   

Markazlar quyidagilarga bepul konsalting xizmatlarini ko‘rsatishlari mumkin:

• tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari (bundan keyin – Kengashlar) a'zosi hisoblanadigan, davlat ehtiyojlari uchun paxta xomashyosi va g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga;
• tuman Kengashlarining taklifiga ko‘ra moliyaviy resurslari cheklangan va buxgalteriya hisobiga ega bo‘lmagan, a'zolik badallarini o‘z vaqtida to‘laydigan, yer va suv resurslaridan samarali foydalanuvchi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining boshqa turlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga. Xizmatlar ko‘rsatish shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.

Boshqa fermer xo‘jaliklariga, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga pullik konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi. 

Xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun fermer xo‘jaligi ixtiyoriy tartibda Markazga konsalting xizmatlaridan foydalanish ehtiyoji to‘g‘risida buyurtma beradi. Buyurtmani ko‘rib chiqish (3 kun mobaynida) yakunlari bo‘yicha Markaz buyurtmachiga (bepul yoki pullik) konsalting xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzishni taklif qiladi. Bepul konsalting xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasi 1 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi.    

Bepul xizmat ko‘rsatilganda Markaz va fermer xo‘jaligi o‘rtasida har oyda tasdiqlangan shakl bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risida dalolatnoma tuzilib, hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay tegishli tuman Kengashlariga taqdim qilinadi. 

Fermer xo‘jaliklari tuman Kengashlariga a'zolik badallarini o‘z muddatida to‘lamagan taqdirda mazkur shartnoma bekor qilinishi mumkin. 

Markazlarning xodimlari konsalting xizmatlarini to‘liq, sifatli yoki o‘z vaqtida ko‘rsatmagan hollarda ularga nisbatan intizomiy choralar ko‘riladi.  

Hujjat 15.02.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid

E`lonlar